Madridda 8 noyabr, seshanba kuni bir necha ming kishi Ispaniya bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pedro Sanchesning kataloniyalik bo‘lginchilarga amnistiya qo‘llash rejalariga qarshi takroriy norozilik namoyishida qatnashish uchun Ispaniya sotsialistik ishchilar partiyasi (ISIP) qarorgohiga keldi. Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan. 

Ayrim namoyishchilar politsiyaga tosh va boshqa narsalarni uloqtirgan. Qayd etilishicha, ular orasida o‘ng ekstremistlar ham bo‘lishi mumkin, bundan tashqari, namoyish paytida Franko diktaturasi davridagi bayroqlar kuzatilgan, ishtirokchilarning bir qismi esa Gitlerga o‘xshab, o‘ng qo‘llarini ko‘targan. Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va tayoqlar bilan javob berdi. OAV xabarlariga ko‘ra, kamida olti namoyishchi va bir politsiyachi yengil yaralangan, uch kishi hibsga olingan. 

Ispaniyadagi saylovlardan keyin koalitsiya tuzish bilan bog‘liq muammolar 

Avvalroq, 29 oktyabr kuni Madridda «Amnistiya va Sanchesning davlat to‘ntarishiga qarshi!» shiori ostida norozilik mitingi bo‘lib o‘tgan edi. Madridda 100 mingga yaqin odam Ispaniya bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pedro Sanchesning Kataloniya ayirmachilariga amnistiya qo‘llash rejalariga qarshi norozilik bildirish uchun yig‘ilgandi. Mitingni o‘ng qanot populistik partiyasi - Vox’ga yaqin jamg‘arma uyushtirgan, uning rahbari Santyago Abaskal ham mitingda ishtirok etgan. Xuddi shu aksiya Madridda 24 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan, o‘shanda mitingga 40 mingga yaqin odam kelgandi. 8 oktyabr kuni Barselonada mintaqaning Ispaniyadan ajralib chiqishiga qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan «Kataloniya fuqarolik jamiyati» tashkiloti tomonidan kataloniyalik separatistlarning amnistiyasiga qarshi aksiya tashkil etildi. 

Noroziliklarning sababi - ISIPga rahbarlik qilayotgan Ispaniya bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pedro Sanches hukmron koalitsiyani tuzish uchun kataloniyalik ayirmachilarga amnistiya berishni rejalashtirmoqda, unga qirol Filipp VI tomonidan bunday vazifa yuklatilgan, biroq u Kataloniya uchun mustaqillikka erishmoqchi bo‘lgan va 2017 yilda Kataloniya suverenitetini e’lon qilishga uringan ayirmachi siyosatchilarga amnistiya berilishini talab qilayotgan «Kataloniya so‘l respublikachilari» partiyasi ko‘magisiz buni uddalay olmaydi. 

Saylovda g‘alaba qozongan konservatorlar koalitsiya tuza olmadi

Ispaniyada 23 iyul kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijasi bo‘yicha hukmron koalitsiya tuzilmadi. Sanches boshchiligidagi Ispaniya Sotsialistik ishchilar partiyasi ikkinchi o‘rinni egalladi va birinchilikni Xalq partiyasidan konservatorlarga boy berdi. Qirol Filipp VI Xalq partiyasi yetakchisi Alberto Nunes Feyxooga koalitsiya tuzishni ishonib topshirdi, biroq uning nomzodi parlament quyi palatasi tomonidan rad etildi. Endi Sanchesga koalitsiya tuzish vazifasi qo‘yilgan. Koalitsiya 27 noyabrgacha tuzilishi kerak, agar Sanches muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, 14 yanvarda qayta parlament saylovlari o‘tkaziladi.