“IHTga a’zo davlatlarning muammosi – yuk tashish tariflarining qimmatligida” - ekspert
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar alohida yuk tashish tariflarga egaligi yuk tashuvchi firmalar va logistika kompaniyalariga qiyinchilik tug‘dirmoqda, deydi Progressiv islohotlar markazi eksperti Ozod Tanbayev.
O‘zbekiston ilk bor Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitiga mezbonlik qilmoqda. Tashkilotning 16-sammitida 9 ta davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etmoqda.
Progressiv islohotlar markazi eksperti Ozod Tanbayevning so‘zlariga ko‘ra, bu tashkilot doirasida transport-kommunikatsiya yo‘nalishi ayniqsa muhim ahamiyatga ega.
“Ma’lumki, Transafg‘on temiryo‘li loyihasini amalga oshiruvchi davlatlar – O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston bu tashkilotga a’zo. O‘zbekiston ushbu tashkilotdan platforma sifatida foydalanib loyihani muvaffaqiyatli yakunlashi mumkin”, – deydi Tanbayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, IHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi asosiy muammo juda qimmat yuk tashish xizmatlari hisoblanadi.
“Har bir davlatning alohida [yuk tashish] tariflari bor, bu esa yuk tashuvchi, logistik firmalarga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. A’zo davlatlar kelishgan holda standart bir xil qiymatli tariflarni joriy qilsa, yuk tashishni kengaytirish uchun logistik jihatdan qulay sharoitlar yaratilsa, asosiy muammo yechiladi”, – deydi ekspert.
Ozod Tanbayev O‘zbekiston tashkilot doirasidagi davlatlar bilan qo‘shni yoki yon qo‘shni davlatlar bo‘lsa ham, o‘zaro savdo aloqalari nisbatan juda pastligini ta’kidladi.
“Sammitda O‘zbekiston ushbu muammolarni yechish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin deb umid qilaman”, – deydi u.
Avvalroq, O‘zbekistonning Erondagi elchisi Bahodir Abdullayev tashkilot doirasida juda ko‘p transport tranzit koridorlari shakllangani va tashkilot koridorlari sifatida tavsiflanishi haqida gapirgandi. U bunda Termiz-Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temiryo‘li ham dolzarb ekanini aytgan edi.
Ma’lumot uchun, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti a’zo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi bo‘yicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilot bo‘lib, unga 1985 yilda asos solingan. O‘zbekiston unga 1992 yilda a’zo bo‘lgan.
Tashkilotga Markaziy Osiyoning beshta davlati, Turkiya, Ozarboyjon, Afg‘oniston, Eron va Pokiston a’zo.
Mavzuga oid
16:10
Londonda O‘zbekiston transport tizimini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi taqdim etildi
10:31 / 20.12.2024
Belgradda jamoat transporti bepul bo‘ladi
10:24 / 12.12.2024
Toshkentning ayrim ko‘chalarida transport harakati cheklandi
12:50 / 29.11.2024