A guruhi

Hoylundning rekordlari — kafolat emas

 

«Kopenhagen» — «Manchester Yunayted» 4:3
Gollar: Elyunussi (45), Gonsalvesh (45+9, penalti), Lerager (83), Barji (88) — Hoylund (3, 28), Fernandesh (69, penalti). 
Kopenhagen – Grabara, Ankersen (Sorensen, 70), Vavro (Boylesen, 78), Diks, Yyelert, Falk, Lerager, Gonsalvesh (Ouskarsson, 70), Elyunussi (Barji, 63), Klasson, Ashuri (Larsson, 78).
Manchester Yunayted – Onana, Uan-Bissaka, Evans (Varan, 16), Maguayr, Dalot, Eriksen (Amrabat, 46), Fernandesh, Maktominey, Garnacho, Reshford, Hoylund (Maunt, 84).
Ogohlantirishlar: Vavro (45), Maguayr (90+2).
Chetlatish: Reshford (42).

«Old Trafford»da kechgan avvalgi tur o‘yinida «MYu» qiynalib natijaga erishgandi, Kopenhagenda esa avvaliga barchasi ko‘ngildagidek boshlandi. Van-Bissaka va Maktominay ishtirokidagi kombinatsiya nozik harakatlar bilan amalga oshirdi, yakunda esa Hoylund o‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharga qaytishini gol bilan nishonladi. Keyin esa daniyalik to‘purar Garnachoning zarbasini darvozabon qaytarganida to‘pni bo‘sh qolgan darvozaga yo‘llab, dublni rasmiylashtirdi. U bu orqali ukasi Emilga javob qaytardi, UYeFA Yoshlar ligasi o‘yinida kichik Hoylund «MYu» darvozasini ishg‘ol qilgandi.

E’tiborli jihati, katta Hoylund faqat Chempionlar ligasida gol urmoqda va turnirning eng yaxshi to‘purarlari reytingida Morata (5) bilan tenglashib oldi. Bundan tashqari, u to‘rt o‘yinda «MYu»ning ikki afsonasi — Bobbi Charlton va Jordj Bestning natijalarini takrorladi, ular ham 21 yoshga chiqqunicha asosiy yevrokubokda beshtadan gol urishga ulgurgandi. Ammo barcha bu ajoyib statistika bilan andarmon bo‘lib turganida, o‘yin o‘zgara boshladi. Gap Evans 16-daqiqadayoq jarohat olib, o‘rnini Varanga bo‘shatib berganida emas. Bo‘lim oxirlarida himoyaga yordamga kelgan Reshford o‘zi istamagan holda xavfli harakat qilib, raqibning oyog‘ini bosib oldi va maydondan chetlatildi.

Shundan keyin darhol jarima zarbasi belgilandi va to‘p Brunu Fernandeshning boshidan darvoza to‘siniga bordi. Bu vaziyatda «MYu»ning omadi keldi, ammo «Kopenhagen» tanaffusgacha baribir ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqardi. Bunda hakam tomonidan 13 daqiqa (!) qo‘shib berilgani yordam berdi. Bo‘lim davomida pauzalar yetarlicha bo‘lgandi, qolaversa, Falastinni qo‘llab-quvvatlagan muxlis maydonga yugurib chiqishi kuzatildi.