Garchi bugun dunyodagi deyarli barcha inson qaysidir jihatdan ifloslangan havodan nafas olayotgan bo‘lsa-da, havo ifloslanishi ham hammaga birday xavf solmayapti. Iflos havo ham hozir iqlim tengsizligining bir ko‘rinishiga aylanib ulgurdi.

Bu qanday ro‘y berishi haqida BBC maqolasida hikoya qilinadi.

Ifloslangan havo umrni qisqartiradi

Dehli xarobalarida joylashgan kichik kulbada yashaydigan Mitilesh ovqat pishirish uchun pechni yoqqanda ko‘zlari ham tutunga to‘ladi. 29 yoshli uy bekasi bir xonadonda farzandlari, eri, qari qaynona-qaynotasi bilan yashaydi. Pechka yonganda uy tutunga to‘lganidan biror narsani ko‘rish ham qiyin bo‘lib qoladi. Mitilesh tashqariga chiqqani bilan juda katta o‘zgarish yo‘q. Sababi Dehli havo iflosligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan megapolis hisoblanadi.

Hindiston hukumati havo sifatini yaxshilash uchun harakat qilayotgan bo‘lsa-da, shahar havosida ko‘plab ifloslantiruvchi moddalar miqdori JSST belgilagan me’yorlardan doimiy baland bo‘lib qolmoqda. Chikago universiteti o‘tkazgan tadqiqot hindistonliklarni agar poytaxt havosi miqdoridagi zararli moddalarni JSST belgilagan normagacha kamaytirmasa, aholining umri 11,9 yilgacha qisqarishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Mitilesh va uning oilasi global miqyosda ifloslangan havodan nafas olayotganlarning eng qo‘rqinchli misoli bo‘lishi mumkin. Lekin, aslida, dunyoda hamma ham qaysidir darajada zararlangan havodan nafas olyapti. Ba’zilar esa bu havodan o‘zini eng kam miqdorda himoya qila oladi.

- Toshkent

Masalan, hali ham dunyoda 2,4 mlrd odam kerosin, o‘tin, pista ko‘miri, ko‘mir va tappi kabi samarasi kam yoqilg‘i turlaridan ovqat pishirishda foydalanadi. Garchi bu yoqilg‘ilardan foydalanish davom etsa ham, ularni tutagan havodan nafas olishda ehtiyotkor bo‘lishlari haqida xabardor qilib borish lozim.

Oxirgi 20 yilda qashshoqlik darajasi pasayishi bilan yopiq havo ifloslanishi darajasi ham sezilarli pasaydi. Biroq uning o‘rniga sanoatlashtirish va qazib olinayotgan turli yonilg‘ilarni yoqish hisobiga ko‘plab odamlar qurbon bo‘lishiga sabab bo‘luvchi yangi va zararli muammo turi paydo bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2019 yilda havo ifloslanishidan 4,5 mln odam bevaqt vafot etdi, bu 2000 yilga nisbatan 1,6 mlnga, 2015 yilga nisbatan esa 300 mingga ko‘proq.