«VULVeRHEMPTON» – «TOTTeNHEM» (11 noyabr, 17:30)

Bemalol aytish mumkinki, «Tottenhem» APLda mavsum starti kashfiyoti bo‘ldi. Bejiz Pasteko‘g‘li qatorasiga uch marta oyning eng yaxshi murabbiyi bo‘lgani yo‘q. Ammo jamoa haqiqiy sinovlar arafasida turibdi. «Chelsi» bilan o‘yin shunchaki mag‘lubiyat, yo‘qotilgan ochkolar emas, oqibatlar nuqtayi nazaridan ham muhim bo‘ldi. O‘yin jihatidan hatto to‘qqiz kishi qolganda ham «Tottenhem» yomon ko‘rinmadi, ammo ushbu o‘yindagi jarohatlar va diskvalifikatsiyalar navbatdagi o‘yinlarda ta’sir qilishi shubhasiz.

Asosiy markaziy himoyachilar Romero (diskvalifikatsiya) va van de Veyn (jarohat) maydonga tusha olishmaydi. Yana bir himoyachi Iyenoma Udoji ham «Chelsi»ga qarshi o‘yinda maydondan chetlatilgandi. Jamoaning hujum chizig‘idagi asosiy ijrochilaridan biri Jyeyms Meddisonning ham jarohati jiddiy bo‘lib chiqdi – u hatto yil oxirigacha sheriklariga yordam bera olmasligi mumkin. Buning ustiga rotatsion shaklda o‘rinlarni to‘ldirishi mumkin bo‘lgan Perishich, Risharlison, Solomon, Sessenon kabi futbolchilar ham turli jarohatlar tufayli maydonga tusha olmaydi. Tabiiyki, yangi qurilayotgan va bir yo‘lga tushib olgan jamoa uchun bu yo‘qotishlarning o‘rni katta bo‘ladi. Oldinda esa «Vulverhempton»dan tashqari, «Aston Villa», «Manchester Siti», «Nyukasl» kabi raqiblar kutib turibdi.

«Bo‘rilar» turnir jadvalida pastki o‘rinlarda borayotgan bo‘lsa-da, ayniqsa, katta jamoalarga qarshi o‘yinlarda bemalol qarshilik ko‘rsata olishini isbotlab ulgurishdi. Jamoa «Siti»ni mag‘lub etdi, «Nyukasl» bilan o‘yinda durangga erishdi. O‘z maydonidagi o‘yinlarda jamoa doim xavfli raqib bo‘lib kelgan. Xususan, o‘tgan mavsumdagi o‘zaro o‘yinda ham mezbonlar kichik hisobda g‘alaba qozonganini eslash mumkin.

«Vulverhempton» tarkibida jarohatlar nisbatan kamroq, ammo Pedru Netuning o‘zi katta yo‘qotish bo‘lishi kerak. Dastlabki turlarda u nafaqat jamoa safida, umuman APLda ham ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng yaxshilardan bo‘lgandi. U milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan keyingina mashg‘ulotlarga qaytishi mumkin. Shuningdek, Bueno ham «Tottenhem»ga qarshi maydonga tusha olmaydi.

«CheLSI» – «MANCheSTeR SITI» (12 noyabr, 21:30)

«Chelsi» uchun sinov davri davom etyapti – o‘tgan turda peshqadam «Tottenhem», bu safar yangi peshqadam «Manchester Siti», tanaffusdan keyin hali «Brayton», «Nyukasl», «MYu» kabi raqiblar kutib turibdi. To‘g‘ri, birinchi bosqichdan yaxshi o‘tildi, «Tottenhem» ustidan 4:1 hisobidagi g‘alaba katta natija, ammo shuni ham unutmaslik kerakki, Pochettino shogirdlari bir kishi ko‘p bo‘lib qolgandagina hisobni tenglashtirishdi, keyingi uch gol esa, umuman raqib 9 kishi qolganda qarshi hujumlarda urildi. Baribir, «Chelsi» o‘yiniga hali savollar ko‘pligi, o‘tgan turdagi g‘alaba uch ochkodan boshqa u qadar ko‘p ijobiy xulosalarga sabab bo‘lmaganini e’tiborga olish kerak.