09:57 / 11.11.2023
7696

Ukraina «GUR»: Qrimda Rossiya desant kemalariga zarba berildi

Anneksiya qilingan Qrim hududida tungi operatsiya natijasida Rossiyaning desant katerlariga zarba berildi, deya xabar beradi Ukraina razvedkasi. Rossiya tomoni bu ma’lumotga hozircha izoh taqdim etmadi.

Foto: Maxar Technologies/dpa/picture alliance

10 noyabrga o‘tar kechasi ukrainalik harbiy xizmatchilar anneksiya qilingan Qrimda Rossiya Qora dengiz flotining kichik desant kemalariga zarba berdi, deb xabar berdi Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi («GUR»). U o‘zining Telegram-kanalida Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining uchuvchisiz uchoqlari kameralari tomonidan tasvirga olingani aytilayotgan tungi operatsiya videosini e’lon qildi.

«GUR» ma’lumotlariga ko‘ra, gap 11770 loyihasining qayiqlari («Serna» klassi) haqida ketmoqda, kemalar ekipajga ega bo‘lgan va zirhli transport vositalari, shu jumladan BTR-82 bilan yuklangan. Razvedka idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Zmeiniy orolini egallab olish davrida harbiy texnika va qo‘shinlarni tashish uchun bunday qayiqlardan faol foydalangan. Qayiqlar orol va Qora dengizdagi rus guruhini himoya qilish uchun «Tor-M2» zenit-raketa komplekslarini ham olib yurgan, deyiladi xabarda. 

Aynan qancha qayiqqa zarba berilgani aytilmagan. Avvalroq Ukrainaning «Suspilne» nashri manbalarga tayanib, Qrim g‘arbidagi Chernomorskoye qishlog‘ida sodir etilgan hujum natijasida ikki qayiq yo‘q qilingani haqida yozgan edi. Bu haqda Hromadske nashri ham «GUR»ga tayanib xabar berdi. Ukrainparast «Krymskiy veter» Telegram-kanali guvohlarga tayanib, Chernomorskoyeda Rossiya harbiy kazarmasi ham o‘qqa tutilganini da’vo qilmoqda. 

Rossiya Mudofaa vazirligi Qrim uzra 2 ta dron tutib olingani haqida ma’lum qildi 

Anneksiya qilingan yarimorolning Rossiya tomonidan tayinlangan «hokimiyatlari» va Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina tomonining xabariga hozircha izoh bermadi. Avvalroq Rossiya ommaviy axborot vositalari Qrim mintaqasida, xususan, Feodosiya shahridagi portlashlar haqida yozgan edi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi, o‘z navbatida, kecha tunda havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukrainaning ikkita uchuvchisiz uchog‘ini Qrim uzra tutib olgani, yana biri Tula viloyatida urib tushirilganini ma’lum qildi. Mahkama hodisa yuzasidan boshqa tafsilotlarni keltirmadi. 

Baza Telegram-kanalining xabar berishicha, Ukraina uchuvchisiz uchoqlari Feodosiyadagi neft omboriga hujum qilishga uringan. Ulardan biri bazaga qulagan, ammo jiddiy zarar yetkaza olmagan. 

 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top