Jahon | 09:30 / 11.11.2023
4730
3 daqiqa o‘qiladi

XVJ va Kiyev 900 mln dollarlik transh bo‘yicha kelishuvga erishdi

Kengaytirilgan kreditlash imkoniyati doirasida Ukrainaga 900 million dollarlik transh ajratish qarori XVJ ijrochi direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak.

Foto: RIA Novosti / Stringer

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) va Ukraina hukumati mamlakatning ikkinchi iqtisodiy tahlili doirasida «xodimlar darajasida» kelishuvga erishdi, deb xabar berdi XVJ 10 noyabr, juma kuni o‘z saytida.

Qayd etilishicha, Ukraina sentabr oxirida jamg‘arma tomonidan belgilangan maqsadlarga erishgan. Bu XVJ ijrochi direktorlar kengashiga Kengaytirilgan yordam dasturi (EFF) doirasida Kiyevga qariyb 900 million dollar miqdorida transh ajratish masalasini ko‘rib chiqishga yo‘l ochadi, deyiladi hujjatda.

«Jamg‘arma dastur bo‘yicha majburiyatlarni bajarish va islohotlarga sodiqlik borasidagi yutuqlarimizni qayd etdi. Bu kelishuv qariyb 900 million dollarlik transh olish uchun yo‘l ochadi. Yaqin haftalarda XVJ ijroiya kengashi tomonidan tegishli qaror qabul qilinishini kutamiz», deb yozdi Ukraina bosh vaziri Denis Shmihal Telegram’da.

Ukraina uchun XVJ kredit dasturi

2023 yil mart oyida XVJ Kiyev uchun 4 yilga 15,6 milliard dollar miqdorida kredit dasturini tasdiqladi. Mablag‘lar Rossiyaning qo‘shni davlatga kirishi boshlanganidan keyin kelishilgan Ukraina uchun umumiy 115 milliard dollarlik yordam paketining bir qismidir. 

Keyingi transhni olish uchun Ukraina XVJning moliyaviy siyosat, jumladan inflatsiyani pasaytirish, Markaziy bankni mustahkamlash va korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi qator talablarini bajarishi kerak. 

Ukraina XVJ EFF dasturi doirasida birinchi transhni 2023 yil aprel oyida oldi. U 2,7 milliard dollarni tashkil etdi. 2023 yil iyul oyida Ukraina davlat budjetiga ikkinchi transh – 890 million dollar tushdi.

«Ukraina iqtisodiyoti ajoyib barqarorlikni namoyish etishda davom etmoqda, so‘nggi iqtisodiy o‘zgarishlar 2023 yilda iqtisodiyotning kutilganidan kuchliroq tiklanishiga ishora qilmoqda va 2024 yilda yumshoqroq bo‘lsa-da, o‘sish davom etadi. Biroq, prognoz juda noaniq bo‘lib qolmoqda, chunki u bilan bog‘liq favqulodda yuqori «noaniqlik» harbiy harakatlarga tegishli», deya ma’lum qildi XVJ 10 noyabr kuni. 

Mavzuga oid