G‘azo sektorida Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) va HAMAS guruhi o‘rtasidagi shiddatli janglar natijasida qirg‘oqbo‘yidagi eng yirik Ash-Shifo kasalxonasining faoliyati to‘xtab qoldi. Bu haqda 12 noyabr, yakshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi. JSST rahbari Adhanom Gebreyyesusning aytishicha, klinikadagilar uch kundan beri elektr va suvsiz o‘tiribdi, u yerdagi vaziyat o‘ta xavfli tus olgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bemorlar orasida o‘lim holatlari keskin oshgan. Yuzlab kasallar, shuningdek, kasalxona hududidan boshpana izlagan minglab odamlar frontlar orasida tuzoqqa tushib qolgan. Kasalxona majmuasi so‘nggi kunlarda qayta-qayta o‘qqa tutilgan. «Chegara bilmas shifokorlar» xayriya tashkiloti klinikadagi vaziyatni «halokatli» deb atadi. 

Klinikaga yonilg‘i yetkazib berilmayapti

Shu bilan birga, Isroil harbiylari kecha tug‘ilgan chaqaloqlar uchun inkubatorlarni quvvatlantiradigan favqulodda generator uchun kasalxonaga 300 litr yonilg‘i yetkazib berishganini, bu harakatlarni klinika vakillari bilan kelishib olganini xabar qildi. Ammo, ularning iddao etishicha, HAMAS kasalxonaga bundan ortiq yonilg‘i yetkazishga go‘yoki ruxsat bermagan.

G‘azo sektoridagi yana bir kasalxona - Al-Quds generatorlar uchun yogilg‘i yetishmasligi sababli faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi, deya ma’lum qildi Falastin Qizil yarim oy jamiyati. Avvalroq Isroil harbiylari kasalxonalardagi bemorlar va shifokorlarni evakuatsiya qilish imkoniyatini taqdim etgani haqida xabar bergan edi. TsAHAL Ash-Shifo klinikasiga hujumlar bo‘yicha ayblovlarni rad etyapti va HAMAS jangchilari uning binolari va ular ostidagi tunnellarda yashiringaniga ishora qilyapti. 13 noyabr kuni ertalab HAMAS vakillari G‘azo sektori shimolidagi barcha shifoxonalar ishlamayotgani to‘g‘risida e’lon qildi. 

JSST Al-Shifo kasalxonasi xodimlari bilan aloqa uzilganini ma’lum qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) HAMASga qarshi kurashayotgan G‘azo sektoridagi Ash-Shifo kasalxonasi xodimlari bilan aloqa uzilganini ma’lum qildi. 12 noyabr kuni JSST mintaqaviy ofisi: «Kasalxonaga takroriy hujumlar haqida qo‘rqinchli xabarlar paydo bo‘layotgani sababli, bizning xodimlarimiz mintaqadan qochgan o‘n minglab kishilar safiga qo‘shilgan bo‘lishi mumkin», deya ma’lum qildi va yana bir bor «zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga» chaqirdi.