O‘zbekiston | 14:50 / 13.11.2023
14004
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yangi avtomobil yo‘li quriladi

Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailov mamlakat g‘arbiy viloyatlarini O‘zbekiston bilan bog‘lash uchun Beyneu-Shalkar avtomobil yo‘li qurilishini ma’lum qildi. 

Qozog‘iston o‘zining g‘arbiy viloyatlarini O‘zbekiston bilan bog‘lash uchun Beyneu-Shalkar avtomobil yo‘lini quradi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailov Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ma’lum qilgan.

Alixon Smailovning ta’kidlashicha, mintaqaning transport aloqasini rivojlantirish ham muhim, chunki IHTga a’zo 10 ta davlatdan 7 tasi jahon okeaniga chiqish imkoniga ega emas.

Qayd etilishicha, Qozog‘iston bugungi kunda Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berib, infratuzilma va logistika loyihalarida faol ishtirok etmoqda. O‘z salohiyatini oshirish maqsadida Qozog‘iston, Ozarboyjon, Gurjiston va Turkiya bir vaqtning o‘zida to‘siqlarni bartaraf etish va 2027 yilgacha O‘rta koridorni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritalarini amalga oshirmoqda. 

«Ular yo‘nalishning o‘tkazish qobiliyatini sezilarli darajada oshiradi», — ta’kidladi Qozog‘iston hukumati rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonni Qozog‘istonning g‘arbiy viloyatlari bilan bog‘lash uchun Beyneu-Shalkar avtomobil yo‘li quriladi, bu TRASEKA 8-avtomobil yo‘lagini shakllantirishni yakunlashga xizmat qiladi. 

«Biz Kaspiy dengizidagi dengiz portlarimiz salohiyatini ham faol ravishda ochmoqdamiz. Aqtau portida konteyner habi va Kurik portida «Sarja» ko‘p funksiyali terminali quriladi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun Xitoy bilan o‘tish punktlarida alohida stansiya yo‘llarini qurish rejalashtirilgan. Biz bu yo‘nalishda yuk tashish hajmini tizimli ravishda oshirib, 2030 yilga borib yiliga 500 ming konteynerga yetkazmoqchimiz», — dedi Alixon Smailov. 

Bosh vazir qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda Qozog‘iston «Shimol-Janub» transport yo‘lagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish choralarini ko‘rmoqda. Ushbu yo‘nalishni rivojlantirish uchun Eron, Turkmaniston va Rossiya bilan hamkorlikda «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgan bo‘lib, uning amalga oshirilishi 2027 yilgacha yo‘lak o‘tkazish qobiliyatini 10 million tonnadan 15 million tonnagacha oshirish imkonini beradi. 

Ma’lumot uchun, O‘rta yo‘lak Osiyo va Yevropani bog‘lovchi transport va savdo yo‘li bo‘lib, mintaqaning bir qancha davlatlaridan o‘tadi. Bu an’anaviy Shimoliy va Janubiy yo‘laklarga muqobil yo‘ldir. Yo‘nalish Xitoydan boshlanib, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston kabi Markaziy Osiyo davlatlarini kesib o‘tadi. Keyin Kaspiy dengizi, Ozarboyjon, Gurjiston va Turkiya orqali Yevropaga yetib boradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid