Jahon | 09:01 / 14.11.2023
6775
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda o‘tadigan APEC sammitiga Rossiyadan kim borishi ma’lum bo‘ldi

G‘arb sanksiyalari ostida qolgan Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Overchuk San-Fransisko sammitida «delegatsiya rahbari sifatida ko‘riladi», dedi Davlat departamenti vakili.

Foto: Reuters

Qo‘shma Shtatlar shu hafta San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida Rossiyani to‘laqonli ishtirokchi sifatida ko‘radi. Bu haqda 13 noyabr, dushanba kuni AFP agentligiga bergan intervyusida AQSh Davlat departamentining APEC’dagi yuqori martabali rasmiy vakili Mett Myurrey ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sammitda Rossiyadan vakillik qiladigan Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchukka «delegatsiya rahbari sifatida qaralmoqda va u 13-19 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda to‘liq ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi». «Biz butun yil davomida APEC yig‘ilishiga yaxshi mezbon bo‘lishni xohlayotganimizni aytdik, - deya qo‘shimcha qildi Myurrey. - Ammo buni AQSh qonunlari va qoidalari doirasida qilamiz. Rossiyaning ishtirokiga, albatta, sanksiyalar ta’sir ko‘rsatdi». 

Overchuk g‘arbning, shu jumladan Yevropa Ittifoqining turli sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan, biroq, Rossiya Federatsiyasining aksariyat yuqori rahbariyatidan farqli o‘laroq, u AQSh sanksiyalari ostida emas, deb ta’kidlaydi AFP. Myurreyga ko‘ra, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari diplomatik protokol nuqtayi nazaridan sammitda delegatsiyalarni boshqaradigan davlat va hukumat rahbarlari bilan «bir darajada bo‘lmasligi aniq». 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid