Isroilning G‘azoga qonli hujumlari fonida, Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda qo‘shma sammiti bo‘lib o‘tdi. Xo‘sh, bu tadbirning amaliy ahamiyati bormi? Arab va musulmon dunyosini jiddiyroq qadamlardan nimalar to‘sib turibdi?
“Geosiyosat” ruknida bu mavzuda siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Farhod Karimov so‘z yuritdi.
— Arab davlatlari ligasi bosh kotibi G‘azo aholisini majburiy ko‘chirilishiga yo‘l qo‘ymaymiz, dedi. Xo‘sh, qanday qilib?
Farhod Karimov: — Umuman, faqat arablar emas, boshqa xalqaro tashkilotlar, xususan BMT ham faqat bayonotlar bilan cheklanyapti. Vaziyat juda chigal holatda. 11 noyabr kunida bo‘lgan sammitda ham faqat davlatlarning pozitsiyalari eshitildi, yakuniy qanaqadir hujjat qabul qilinmadi. Maqsad ham yana bir bor pozitsiyalarni e’lon qilib, keyingi harakatlar qanday bo‘lishi haqida fikr almashish bo‘lgan. Bu uchrashuvdan katta narsani kutib bo‘lmasdi boshidan. Hujjatlar ham faqat deklarativ bo‘lyapti, protsessual hujjatlar bo‘lmayapti.

Arab davlatlari ham, umumiy musulmon dunyosi davlatlari ham G‘azodagi harakatlarni qoralayapti, lekin amalda harakat bo‘layotgani yo‘q. Buning ham bir qancha sabablari bor.
Aholi ko‘chirilishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasi. Fors ko‘rfazi arab davlatlarining G‘arb bilan aloqasi kuchli. Bu davlatlarning shu darajaga kelishida ham g‘arblik investorlar va mutaxassislarning o‘rni katta bo‘lgan. Bu holatda ham to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroilga emas, G‘arb davlatlariga ta’sir qilish orqali amalga oshirish ko‘zda tutildi. Qanaqadir harbiy, iqtisodiy vositalar nazarda tutilgani yo‘q.
Kamoliddin Rabbimov: — Saudiya Arabistoni ikki katta tashkilotning sammitini birlashtirdi, ya’ni Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining. Bu sammitda O‘zbekistondan bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi.

Kun tartibiga ko‘ra, pozitsiyalar, takliflar ko‘rib chiqildi. Yopiq eshiklar ortida qanday qilib AQSh va Isroilga javob berish, umumiy pozitsiya qanday bo‘lishi masalasi qo‘yildi. Sammitda pozitsiyalar ikkiga bo‘lindi. Turkiya, Eron kabi davlatlar faolroq munosabat bildirish, amaliy ravishda harbiy yoki boshqa harakatlar bilan javob qaytarishni taklif etdi. Ehtiyotkor mamlakatlar esa AQSh bilan to‘qnashuv xavfi tufayli keskin harakatlardan tiyilish pozitsiyasida bo‘lishdi. Chunki Isroil bilan to‘qnashish AQSh bilan to‘qnashish degani.














