Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevrokomissiya bilan birgalikda 15 noyabr, chorshanba kuni Ukrainaga nisbatan tajovuzkorligi uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketi bo‘yicha takliflarni taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bryusseldagi DW muxbiri xabar berdi.
«Biz sanksiyalarning 12-paketi ustidagi ishni nihoyasiga yetkazmoqdamiz. Bu choralarning bir qismi shaxsiy sanksiyalar, ikkinchi qismi iqtisodiy va tarmoq sanksiyalari. Chorshanba kuni komissiya bilan birgalikda men o‘z takliflarimni kengashga taqdim etaman», dedi Borrell tashqi ishlar vazirlari darajasidagi Yevropa Ittifoqi kengashi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Bundan tashqari, uning aniqlik kiritishicha, taklif etilayotgan sanksiyalar «ro‘yxatga qo‘shimcha shaxslarni qo‘shish, Rossiya eksportiga yangi taqiqlar, jumladan, olmos sotib olishni taqiqlash, Rossiya nefti narxining yuqori chegarasiga rioya qilishni kuchaytirish bo‘yicha harakatlar, shuningdek, sanksiyalardan qochishga qarshi kurash choralari»ni qamrab oladi.
Paketning «og‘irligi» besh milliardga baholanmoqda
Avvalroq Bloomberg o‘z manbalariga tayanib, Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasiga qarshi yangi sanksiyalar, jumladan, kimyoviy moddalar va texnologiyalarni eksport qilish cheklovlarini joriy etish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida xabar bergan edi. Rossiya Federatsiyasi bilan savdo nisbati bo‘yicha hisoblaganda bu choralar taxminan 5 milliard yevroga baholanmoqda.
Yevropa Ittifoqi avvalgi sanksiyalar paketini 2023 yil iyun oyida qabul qilgan edi.
















