Jahon | 12:34 / 15.11.2023
4643
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya va Rossiya «Paksh-2» AESni qurish rejasini imzoladi

Vengriya TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2030-yillar boshida «Paksh» atom elektr stansiyasining ikkita yangi energiya bloki tarmoqqa ulanadi.

Foto: AP

Vengriya Tashqi ishlar vazirligi va Rossiyaning «Rosatom» davlat korporatsiyasi «Paksh-2» atom elektr stansiyasini qurish rejasini imzoladi. Bu haqda 14 noyabr, seshanba kuni Pakshdagi qurilish maydoniga Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto bilan birga tashrif buyurgan «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev jurnalistlarga ma’lum qildi.

Siyyartoning so‘zlariga ko‘ra, ikkita yangi atom energetika blokini tarmoqqa ulash 2030-yillar boshiga mo‘ljallangan. «Bu uzoq yo‘l bo‘ldi, lekin nihoyat ish qog‘ozbozlik bilan emas, balki haqiqiy qurilish bilan bog‘liq bo‘ladi», — dedi TIV rahbari.

Lixachev, o‘z navbatida, davlat korporatsiyasi loyihaga «alohida e’tibor» qaratishini va unga «eng yaxshi kuchlarni» yo‘naltirishini ishontirdi. «Ushbu loyihaga e’tibor kuchayadi», dedi u. 

«Paksh-2» AES loyihasi haqida 

Rossiya va Vengriya 2014 yilda «Paksh» AESda ikkita yangi 5- va 6-sonli («Paksh-2») energiya bloklarini qurish bo‘yicha hujjatlarni imzolagan edi. Loyihaning umumiy qiymati 12,5 milliard yevroga baholangan. 2022 yil avgust oyida Vengriya Atom energiyasi boshqarmasi «Rosatom»ga energiya bloklarini qurish uchun litsenziya berdi.

Joriy yilning may oyida Yevrokomissiya stansiya qurilishi va loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga o‘zgartirishlarni ma’qullagan edi. «Paksh-2» AES qurilishi boshlanishi 2024 yil oxiri — 2025 yil boshida kutilmoqda, deb ma’lum qilgan «Rosatom» rahbari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid