25 sentabr kuni Checheniston rahbari Ramzon Qodirov o‘zining 15 yoshli o‘g‘li Adam Qodirovning Grozniydagi tergov izolyatorida mahbus Nikita Juravelni kaltaklayotgani tasvirlangan videoni e’lon qilgandi. U Qur’onni yoqish orqali dindorlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilishda ayblangan edi.

Shundan so‘ng davlat va huquq-tartibot idoralarining yuqori martabali vakillari, hukumatparast «huquq himoyachilari» videoga faqat izoh berishdi. Lekin murojaatlarga qaramay, aslida nima bo‘lganini tergov qilish uchun hech narsa amalga oshirilmadi. Hech bo‘lmaganda ularning munosabati ommaga e’lon qilinmadi.

4 oktyabr kuni Baza nashri huquq-tartibot idoralari nihoyat Qodirov o‘g‘lining Juravelga hujumi bo‘yicha tergovni boshlagani va buni Grozniy politsiyasiga topshirgani haqida xabar berdi. Ammo, bir necha soat o‘tgach Grozniy politsiyasi Adam Qodirov 15 yoshga to‘lgani, ya’ni jinoiy javobgarlik yoshiga yetmagani sababli jinoiy ish qo‘zg‘atishdan bosh tortgani ma’lum bo‘ldi. Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan boshqa hech qanday munosabat bildirilmadi.

6 oktyabr kuni Adam Qodirovga Checheniston Respublikasi Qahramoni unvoni berildi. Bu haqda xabar bergan Davlat Dumasi deputati Adam Delimxonov Qodirovning 15 yoshli o‘g‘lini «o‘ta qobiliyatli, har tomonlama bilimli va maqsadli yigitning yorqin namunasi» deb atadi.

15 oktyabr kuni Ramzon Qodirov yana o‘g‘lining Juravelni kaltaklagani aks etgan videoni e’lon qildi. Video Checheniston bayrog‘i fonida Adam Qodirovning surati va «Bo‘ri tuzoqqa tushib qolsa, qanday qilib qochish haqida emas, qanday qilib qasos olish haqida o‘ylaydi» degan so‘zlar bilan boshlanadi. Video ostida Checheniston rahbari kichik Qodirovni «chechen xalqining tan olingan munosib o‘g‘loni» va «barcha musulmonlar qahramoni» deb atagan.

24 oktyabr kuni Tatariston rahbari Rustam Minnixonov Adam Qodirovni respublikaning ikkinchi muhim mukofoti – «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. Kichik Qodirov «millatlararo va konfessiyalararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun» taqdirlangani aytildi.

25 oktyabr kuni Qorachoy-Cherkes Respublikasi rahbari Rashid Temrezov Adam Qodirovni respublikaning oliy davlat mukofoti – «Qorachoy-Cherkes Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirladi. Ramzon Qodirovning o‘g‘li ushbu mukofotga «millatlararo va mintaqalararo birdamlikni rivojlantirish, an’anaviy islom qadriyatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun» sazovor bo‘lgan va Temrezov uni «kichik vatani va Rossiyaning haqiqiy vatanparvari» deb atadi.

4 noyabr kuni Adam Qodirov «mas’ul lavozimga» - Checheniston rahbarining xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi. «Hurmatli jiyanimning bunday lavozimga tayinlanishi mutlaqo adolatli. Adam Ramzonovich bolaligidanoq o‘zini munosib inson sifatida ko‘rsatdi, uning uchun or-nomus va qadr-qimmat tushunchalari birinchi o‘rinda turadi», deb yozdi Delimxonov kichik Qodirov haqidagi yangi postida.