Jahon | 13:12 / 17.11.2023
3511
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya Rossiya bilan chegaradagi 9 ta o‘tish joyidan 4 tasini yopyapti

Helsinki Rossiya rasmiylarini Finlandiyaga Rossiyadan noqonuniy migrantlar oqimini tashkillashtirganlikda aybladi.

Foto: Teri Schultz/DW

Finlandiya 18 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya bilan janubi-sharqiy chegarasidagi to‘rtta chegara o‘tkazish punktini yopadi, deb ma’lum qildi 16 noyabr, payshanba kuni bosh vazir Petteri Orpo.

Mamlakat rasmiylari migratsiya inqirozi sababli Imatra, Niirala, Nuyyamaa va Vaalimaa chegara punktlarini 18 fevralga qadar yopishga qaror qildi. Shu bilan birga, ikkita chegara nazorat punkti boshpana so‘rovlarini ko‘rib chiqish uchun ochiq qoladi: Finlandiyaning Murmansk viloyati bilan chegarasidagi Salla va Kareliya bilan chegaradagi Vartius, deya aniqlik kiritdi Orpo. Bundan tashqari, Rayya-Yooseppi va Kuusamo o‘tkazish punktlari hamda Vaynikkala temiryo‘l nazorat punkti o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Bunday qarorga uchinchi davlatlardan Rossiya hududidan Finlandiyaga noqonuniy muhojirlar oqimining keskin oshgani sabab bo‘lgan. Helsinki Rossiya tomonini buni uyushtirganlikda ayblab, bu 2015 yilda ham sodir bo‘lganiga ishora qildi. Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo bir kun oldin mamlakat «Rossiyadan bunday harakatlarga» tayyor ekanini aytdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni rad etdi.

Finlandiya Rossiyani noqonuniy migratsiyani tashkil qilishda aybladi

So‘nggi kunlarda Iroq, Suriya, Yaman va boshqa Yaqin Sharq davlatlarining yuzlab fuqarolari Finlandiyaga borish uchun Rossiya chegarasini kesib o‘tdi, deb yozadi YLE News. Avgust oyidan beri boshpana uchun ariza beruvchilar soni ortib bormoqda, biroq ularning aksariyatida Finlandiyaga kirish uchun kerakli hujjatlar yo‘q.

Finlyandiya chegara qo‘riqlash xizmati rahbari o‘rinbosari Markku Hassinenning aytishicha, rasmiylar buni «aniq tashkil etilgan» deb hisoblaydi, chunki «u o‘z-o‘zidan paydo bo‘lishi mumkin emas». «Bu milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid bo‘lib, sharqiy chegara hududidagi hukumatlar faoliyatiga og‘ir yuk bo‘lib tushmoqda», dedi Hassinen.

Chegara o‘tish joylarini yopish to‘g‘risidagi qaror chegarachilar va boshqa organlarning zarur hujjatlari bo‘lmagan muhojirlar oqimida «xorijiy rasmiylar rol o‘ynagani» haqidagi ma’lumotlari asosida qabul qilingan, dedi Finlandiya ichki ishlar vaziri Mari Rantanen.

Odamlarni tashish bilan shug‘ullangan YLE suhbatdoshining nashrga aytishicha, rossiyalik chegarachilar uchinchi davlat fuqarolarini zarur vizasiz o‘tkaza boshlagan. «Nazorat punkti yopildi, lekin bizga boshqa kirish joyi ochildi», degan kontrabandachi. YLE internetda Finlandiyaga 2000 dollar evaziga o‘tkazib qo‘yish «turlari» haqida berilgan reklamani aniqlagan.

Mavzuga oid

E`lonlar