Jahon | 09:15 / 21.11.2023
9907
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyada mafiyaga qarshi sudda 200 dan ortiq kishiga hukm chiqarildi

«Ndrangeta» Kalabriya mafiyasi ustidan sud jarayoni deyarli uch yil davom etdi va so‘nggi 30 yildagi eng yirik jarayonga aylandi.

Foto: Valeria Ferraro/AP Photo/picture alliance

Italiya sudi 20 noyabr, dushanba kuni Italiya janubidagi Kalabriya viloyatidan «Ndrangeta» jinoiy mafiya guruhiga aloqador bo‘lgan 200 dan ortiq kishini aybdor deb topdi va turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qildi. Bu so‘nggi 30 yil ichida mamlakatdagi eng yirik mafiya ishi bo‘yicha sud bo‘ldi.

Umuman olganda, ishda 400 dan ortiq modda, jumladan, giyohvandlik vositalari va qurol savdosi, tovlamachilik va mafiya bilan aloqadorlikda ayblangan 338 kishi ishtirok etgan. Prokurorlar 322 ayblanuvchiga jami 5000 yilga yaqin qamoq jazosini so‘ragan.

Mahkumlar orasida sobiq deputat ham bor

Natijada sud 131 nafar ayblanuvchini oqladi va 207 nafarini jami 2000 yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qildi. Hukmning e’lon qilinishi taxminan bir yarim soat davom etdi.

Eng og‘ir jazolar «Ndrangeta»ning ikki yetakchi a’zosi - Saverio Ratsionale va Domeniko Bonavotega berildi - 30 yillik qamoq jazosi. Ayblanganlar orasida 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan sobiq deputat Jankarlo Pittelli ham bor.

Jarayon maxsus kompleksda bo‘lib o‘tdi

Hukmlar Lametsiya-Terme shahrida shu maqsadda maxsus qurilgan majmuada bo‘lib o‘tgan qariyb uch yillik sud jarayonini yakunladi. Sud jarayonida yana 70 nafar sudlanuvchi 2021 yil noyabr oyida jazo muddatini qisqartirish evaziga tezkor sud jarayonini tanlab, aybdor deb topildi.

«Ndrangeta» Italiyadagi eng nufuzli zamonaviy mafiya guruhlaridan biri hisoblanadi. U qurol, odam savdosi va giyohvand moddalar bilan shug‘ullanadi hamda ko‘p milliard dollarlik aylanmaga ega. 2016 yilda uning a’zolari 2012 yilda sodir bo‘lgan ikki dahshatli zilziladan so‘ng Italiya shimolida qurilish biznesi va ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarda firibgarlikda ayblangan edi.

Mavzuga oid