Argentinaning yangi saylangan prezidenti Xaviyer Miley. / Foto: Reuters

O‘tgan yakshanba kuni Argentinada o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi turida 55,7 foiz ovoz jamg‘argan Mileyning o‘zi g‘alabasini «mo‘jiza» deb atagan.

«Ikki yil davomida Argentinani o‘zgartirish va mo‘jizaga erishish – liberal-libertarian prezident saylanishi uchun tinmay mehnat qilgan jamoamga tashakkur», – degan Xaviyer Miley o‘zining saylovdan keyingi dastlabki nutqida.

Hukumatda ishlash tajribasiga ega bo‘lmagan, o‘zi kabi bir necha autsayderlarni birlashtirgan «Erkinlik bosib kelmoqda» siyosiy koalitsiyasi yetakchisi hukmron partiya va peronizm – so‘nggi bir necha o‘n yillar davomida Argentina siyosatida ustunlik qilib kelgan kuch ustidan g‘alaba qozona oldi.

Xo‘sh, Miley qanday qilib hokimiyat cho‘qqisi tomon boshni aylantirar kareraga erishdi? Bunga kamida uchta sabab bor.

Miley tarafdorlari Buenos-Ayres ko‘chalarida g‘alabani nishonlamoqda. / Foto: Reuters / Mariana Nedelcu

1. Iqtisodiy krizis

Argentina jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy inqirozga duchor bo‘lgan, argentinaliklarning 40 foizi qashshoqlikda kun kechirishmoqda, oktyabr oyida yillik inflatsiya darajasi 143 foizga yetgan.

Argentinalik siyosatshunos Rosendo Fraganing qayd etishicha, bu – mamlakatda 40 yil muqaddam demokratiya qaror topgach ro‘y berayotgan uchinchi yirik krizis.

Bungacha 1989 yilda giperinflatsiya ro‘y bergan va Raul Alfonsinning hokimiyatiga nuqta qo‘ygan. 2001 yildagi ijtimoiy portlash prezident Fernando de la Ruani mansabdan ketkazgan.