U mashhur demokratlarni qamashni, millionlab noqonuniy migrantlarni deport qilish haqida gapirib, so‘lchilarni «qumursqa»lar deb atadi. Uning tarafdorlari o‘n minglab mulozimlar o‘rniga o‘z tarafdorlarini qo‘yishmoqchi. Kongress va sudlar esa bu rejani amalga oshirishga tayyor. «Meduza» Trampning prezident bo‘lish ehtimoli qanchalik ekanini tahlil qildi.

Tramp aynan nima dedi?

«Veteranlar kunida (11 noyabr – tarj.) buyuk veteranlarimiz nomi bilan ont ichamizki, mamlakatimizda qumursqaday yashab hammani aldayotgan, o‘marayotgan Amerika va Amerika orzusini yo‘q qilish uchun qonuniy-noqonuniy barcha ishlarni qilayotgan kommunistlar, marksistlar, fashistlar va so‘lchi-banditlarni yo‘q qilamiz», dedi Tramp.

Sobiq prezident bu gaplarni avvaliga o‘ziga teshishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi, keyin Nyu-Hempshir shtatidagi mitingda fikrini takrorlab, qo‘shimcha qildi: «Haqiqiy xavfni radikal o‘ngchilar emas, radikal so‘lchilar keltirib chiqarib, bu xavf kun sayin ortib bormoqda. Tashqi xatarlar ichkaridan bo‘ladigan xatar kabi jiddiy emas», dedi u.

O‘zi shundog‘am keskin bayonotlar bilan chiqish qilishni yoqtiradigan Tramp oxirgi vaqtlarda ayniqsa agressiv monologlarga zo‘r berdi. Oqibatda jurnalistlar uni ochiqchasiga fashistlar Germaniyasi yetakchisi Hitlerga qiyoslashmoqda. Sobiq prezident ispan tilidagi Univision nashriga bergan intervyusida saylovda g‘olib bo‘lsa, raqiblarini qamashi haqida gapirdi. Nyu-Hempshirdagi mitingda esa buni qay tarzda amalga oshirishini aytib berdi.

«AQSh tarixida birinchi marta amaldagi ma’muriyat o‘z raqibiga qarshi jinoiy ish ochdi. Bu esa men ham shunday qilish huquqiga egaligimni anglatadi. Men Oq uyda o‘tiraman-da, oldimga kirib shunday deyishadi: «Ser, bir demokratning reytingi oshib bormoqda», deyishadi. Men esa: «Ular menga qilgan ishlarini qilishga haqqim bor – unga qarshi yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tgani uchun ish qo‘zg‘ating», deb buyuraman», degandi Tramp.

Nyu-Hempshirdagi mitingda u Baydenning g‘alabasini tan olmaganidan g‘ururlanishi, shuningdek, narkotik sotuvchilarni qatl qilish kerakligini aytdi. Ayovedagi uchrashuvda AQSh tarixidagi eng yirik migrantlarni deportatsiya qilish operatsiyasini o‘tkazishga so‘z berib, boshqa bir mitingda «migrantlar mamlakatimizning qonini buzyapti» dedi.