Dushanba kuni arab davlatlari diplomatlari Pekinda, BRIKS a’zolari esa virtual tarzda Isroilning G‘azoga bosqini masalasini muhokama qildi. Xo‘sh, Xitoy va BRIKS a’zolari bu mojaroga qanday ta’sir qila oladi?
Mavzuni tahlil qilish uchun studiyamizga siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov, Kamoliddin Rabbimov va Hikmatilla Kazakbayevni taklif etdik.
— Dushanba kuni musulmon davlatlar diplomatlari Pekinga tashrif buyurib, Xitoy tashqi ishlar vaziri bilan G‘azodagi vaziyatni muhokama qildi. Xo‘sh, Xitoy G‘azoga real ta’sir qila oladimi?

Farhod Tolipov: Xitoy diplomatik tomondan qandaydir ishlar qilishi mumkin, lekin mojaroga fundamental yechim berishga ojizlik qiladi. Xitoy oxirgi yillarda o‘z faolligini turli yo‘llar bilan bayon etib kelyapti. Xitoy bilan hamma hisoblashishi kerak, degan gapni ham ochiq aytyapti. Xitoyning xalqaro munosabatlarda o‘rni ortayotganini tan olamiz, lekin har bir mojaro, vaziyatning o‘z kelib chiqishi, dinamikasi bor va ta’sir vositalari bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan Xitoydan ko‘ra boshqa qudratli davlatlarning tutadigan yo‘li muhimroq, xususan, AQShning. Bu mojarolarda AQShning o‘rni juda muhim. Xitoy ham boshqa bir diplomatik yo‘llar orqali o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.
— Xitoy muammoning cho‘zilib, kollektiv g‘arbning uzoqroq obro‘sizlanishi va “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasiga raqobatchi loyiha – Hindiston orqali Yevropaga o‘tuvchi yo‘lning kechikishidan manfaatdormi?

Hikmatilla Kazakbayev: Xitoy hech qachon Yaqin Sharqda birinchi raqamli ta’sir ko‘rsatuvchi davlat bo‘lmagan. Tarixan ham asosan AQSh, SSSR va Rossiyaning ta’siri bo‘lgan. Arab ligasi davlatlari vakillari Xitoyga borishidan maqsad, menimcha, Xitoydan yordam kutish emas, balki o‘zlarida mavjud vositalardan foydalanish nazarda tutilgan, masalan, Eron. Joriy yil bahorida Saudiya va Eron munosabatlari Xitoy vositachiligida yaxshilandi. Arab davlatlari mana shu vositachilikdan umid qilgan bo‘lishi mumkin.
Bilamizki, Eron tomonidan qo‘llanadigan guruhlar bor. Arab davlatlari mana shu vositalardan foydalanishni nazarda tutishgandir. Bu vaziyatda baribir asosiy o‘yinchi – AQSh. Oxirgi vaqtlarda ikki xalq uchun ikki davlat g‘oyasi ancha kengroq ilgari surilyapti, Bayden ham shu haqida gapirdi.















