Kanada va YeI yetakchilari 24 noyabr, juma kuni Kanadaning Nyufaundlend provinsiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ukrainaga Rossiyaga qarshi turishda «zarur bo‘lguncha» yordam berishda davom etishini tasdiqladi, deb yozadi AFP. Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen «Ukrainaning shoshilinch harbiy va mudofaa ehtiyojlarini qondirish uchun harakat qilishini» aytdi hamda «Ukraina uzoq muddatli barqarorligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan hamma narsani olishiga» ishontirdi.
Xususan, Tryudo Kanada Ukrainaga harbiy yordamni oshirib, unga 11 ming pulemyot va ular uchun 9 million o‘q-dori yetkazib berishini ma’lum qildi. Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanganidan beri Ottava Kiyevga 1,8 milliard dollar harbiy yordam bergan. Fon der Lyayyen Kanada urushdan oldin Ukrainaga harbiy xizmatchilarni tayyorlash orqali yordam berganini va bu Ukraina Qurolli kuchlariga agressiyani qaytarishda yordam bo‘lganini ta’kidladi.
Yevropa Ittifoqida, Yevrokomissiya rahbari ta’kidlaganidek, 30 ming ukrainalik harbiy xizmatchi tayyorlandi, yil oxiriga qadar ularning soni 40 ming nafarga yetishi mo‘ljallangan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqi yaqin orada Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan Ukrainaga yordam berish uchun foydalanish rejalarini oshkor qiladi. Sharl Mishel, shuningdek, «yaqin haftalarda» Kiyevga yordam berish bo‘yicha yangi qadamlar haqida e’lon qildi.
Daniya ham Ukrainaga harbiy yordamni oshiradi
Daniya parlamenti va hukumati 24 noyabr, juma kuni Ukrainaga harbiy yordamni sezilarli darajada oshirishga kelishib oldi. 2023 yilda buning uchun mo‘ljallangan jamg‘armaga qo‘shimcha 2,3 milliard krona (337 million dollar), 2025-2027 yillarda esa 23,5 milliard krona (3,4 milliard dollardan ortiq) ajratiladi, deb xabar berdi mamlakat Mudofaa vazirligi. Umuman olganda, 2028 yilgacha ushbu ehtiyojlar uchun 60,4 milliard krona (deyarli 8,9 milliard dollar) yo‘naltirish rejalashtirilgan.
«Urush davomida Daniya Ukrainani kuchli qo‘llab-quvvatlab kelgan va hozir yordam miqdorini oshirib, ukrainaliklar uzoq muddatda bizning yordamimizga ishonishi mumkinligi haqida aniq signal yubormoqdamiz», dedi Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen.
Sentyabr oyida Ritzau agentligi Poulsenga tayanib, Daniya Ukrainaga yana 45 ta jangovar tank - 30 ta Leopard 1 va 15 ta T-72ni topshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Bungacha Kopenhagen Niderlandiya va Germaniya bilan birgalikda Kiyevga 10 ta Leopard tankini yetkazib bergan. Bundan tashqari, Daniya Ukraina tank ekipajlarini tayyorlash uchun Germaniyaga instruktorlar yubordi.
















