Yaqin Sharqda Saudiya Arabistoni, Misr yoki Eron an’anaviy yetakchilar deb qabul qilinsa-da, hududi kichik, lekin ovozi ancha baland Qatar mafkuraviy va geosiyosiy pozitsiyasi jihatdan mintaqada unikal davlat hisoblanadi. Rasmiy Doha bu safar G‘azoda 4 kunlik otashkesimga erishishda markaziy o‘rin tutdi.

Xo‘sh, Qatarning Isroil–Falastin inqirozida ta’sir etish o‘rni qanday? Umuman, Qatar tashqi siyosatining arab-musulmon olamidagi o‘rni va vektorlari-chi?

Kun.uz'ning “Geosiyosat” rukni mavzuni tahlil qilish uchun siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromovni taklif etdi.

— HAMAS va Isroil Qatar vositachiligida 4 kunlik o‘t ochmaslik sulhiga erishdi. Qatarning HAMASga ta’siri mavzusiga o‘tishdan avval, Qatar tashqi siyosatining arab-musulmon olamidagi o‘rni va vektorlari qanday?

Shavkat Ikromov: — Qatar kichik davlat sifatida ko‘riladi, ammo bu faqat geografik va aholi soni nuqtayi nazaridan. Siyosiy, geosiyosiy maydondagi ishtirokiga ko‘ra, Qatar kichik davlat hisoblanmaydi. Qatar – mintaqaviy yirik o‘yinchi.

Qatar 1972-1996 yillar oralig‘ida Saudiyaning xavfsizlik kafolatlari ostida yashab kelgan. 1996 yildagi tinch davlat to‘ntarishidan so‘ng uning siyosati va tashqi siyosiy doiralari ham o‘zgardi. Demografik va geografik kichikligini Qatar faol tashqi siyosati, geosiyosiy vositachiligi bilan yopishga urinadi. 1996 yildan Arab bahorigacha Qatar o‘zini faol mintaqaviy o‘yinchi sifatida namoyon etishga harakat qildi. Arab bahori va 2013 yildagi hokimiyat o‘zgarishidan so‘ng mintaqadagi bo‘shliqlardan foydalanib, mintaqaviy o‘yinchi sifatida o‘zini yaxshi ko‘rsata boshladi. Bugungi kunda xalqaro miqyosda asosiy vositachi davlat hisoblanadi. G‘azo bo‘yicha ikkinchi muvaffaqiyatli yurishni amalga oshirdi. Birinchisi AQSh fuqarolarini ozod qilish bo‘yicha kelishuv bo‘lsa, ikkinchisi urush harakatlarini 4 kunga to‘xtatishga erishdi.

Qatar ichki siyosatidan xavotir olmaydi. Aholisi 2,7 mln, yetarlicha boy, odamlarning xohish-istaklari oldindan ko‘rilgan. Shuning uchun ham vositachilikda butun xalq istagi bo‘lib turadi, bu ham bir muvaffaqiyatga yo‘l. Bundan tashqari, Qatar atrofida etnik nizolar, katta davlatlar o‘yinlari bo‘lib turadi, shuning uchun bu nizolar o‘ziga yetib kelmasdan, hal qilish yo‘llarini izlaydi va vositachilik taklif etib keladi.