Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘iston fuqarosi Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun qamoq jazosiga hukm qilindi
Qozog‘istonlik fuqaro «Vagner» XHK tarkibida Rossiya tomonida Ukrainada jang qilgan. Sud uni olti yil-u sakkiz oyga ozodlikdan mahrum qildi.
Qarag‘anda viloyati sudi Topar qishlog‘ida yashovchi 34 yoshli Aleksey Shompolovni Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun olti yil-u sakkiz oyga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda 28 noyabr, seshanba kuni qator OAV xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Shompolov 2023 yil may oyida Ukrainada Rossiya tomonida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) tarkibida jang qilgan. U ushbu XHK haqida ikki oy oldin, ijtimoiy tarmoqda Rossiyada yaxshi maoshli ish haqida e’lonni ko‘rganidan keyin bilgan. Unga gap «Vagner guruhi» safiga qo‘shilish haqida ketayotgani to‘g‘risida ma’lum qilingan, so‘ng u rozi bo‘lgan va Rossiyadagi XHK o‘quv-mashg‘ulot lageriga jo‘nab ketgan. Lagerda o‘qitilganidan so‘ng u Ukraina chegarasini kesib o‘tib, Baxmut yaqinidagi janglarda qatnashgan, ammo ikki haftadan kamroq vaqt o‘tgach, yaralanib, safdan chiqqan. Shompolov Qozog‘istonga qaytganidan ko‘p o‘tmay qo‘lga olingan. Sud erkakni yollanma faoliyatda aybdor deb topdi, shuningdek, XHKdan olingan 205 ming rubldan ortiq pulni musodara qilishni haqida qaror chiqardi.
Sud Aleksey Shompolovning harakatlarini «konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish yoki buzishga yoxud davlatning hududiy yaxlitligini buzishga qaratilgan» harbiy amaliyotlarda ishtirok etish sifatida kvalifikatsiya qildi, deb yozadi OAV. Erkakning o‘zi aybiga iqror bo‘lgan hamda urushda qatnashganini pulga muhtojlik bilan oqlagan, sababi u ishsiz bo‘lgan, deyiladi sud hujjatlarida. Shompolov uni ozodlikdan mahrum qilmaslikni so‘ragan va hukm ustidan apellyatsiya shikoyati bergan, biroq yuqori instansiya sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi.
Qozog‘iston fuqarolarini urushda qatnashganlik uchun ta’qibga olinishi haqida ogohlantirgan
Avvalroq, Rossiyada safarbarlik e’lon qilinishi, shuningdek, boshqa davlatlar aholisiga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish evaziga RF fuqaroligini olish imkonini beruvchi qonunlar qabul qilingani fonida bir qator MDH davlatlari diplomatik vakolatxonalari o‘z fuqarolarini Ukraina urushida bunday shartlarda qatnashishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirdi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston qonunchiligida bunday harakatlar jinoiy javobgarlikka tortiladigan yollanma faoliyat sifatida tasniflanadi.
Rossiyada yollanma faoliyat rasmiy ravishda jinoiy huquqbuzarlik hisoblanadi. Qonunlarda xususiy harbiy kompaniyalarni yaratish ham taqiqlangan.
Yollanma faoliyat uchun jinoiy ta’qib qilishdan tashqari, Ukrainadagi urush haqidagi provokatsion bayonotlar ham Qozog‘istonda ta’qib qilinadi. Bunda, urushni qoralovchilar ham, boshqalar ham bir xil pozitsiyada.
Muhojirlar Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majbur bo‘lyapti
2023 yilning yozida Rossiya hukumati Markaziy Osiyodan muhojirlarni jalb qilish orqali Ukrainadagi kuchlari safini to‘ldirishga urinishlarni kuchaytirdi. RFda migrantlar to‘planishi taxmin qilinuvchi joylarda reydlar o‘tkazila boshlandi - muassasalardagi reydlardan tortib, noyabr oyida Moskva viloyatidagi Wildberries omborida bo‘lib o‘tgan reydgacha.
Reydlar chog‘ida qo‘lga olinganlar ko‘pincha harbiy komissarliklarga olib ketiladi va u yerda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga ko‘ndiriladi. Bundan tashqari, Rossiya fuqaroligini olishni xohlovchilarning arizalari nomzodlar harbiy ro‘yxatga olish organidan harbiy xizmatni o‘tash uchun shartnoma imzolanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olib kelguniga qadar qabul qilinmaydi, Rossiya pasportini olganlarga esa harbiy komissarlikka chaqiruv qog‘ozi beriladi.
Mavzuga oid
13:17
Ukrainaning 40 kunlik ta’sir amaliyoti: urush burilish nuqtasidami?
09:35
Zelenskiy: Ukraina o‘z qahramonlarini o‘zi tanlaydi
20:30 / 28.06.2026
Qozog‘iston qurolli kuchlari yuqori darajadagi jangovar shaylik holatiga keltiriladi
14:59 / 28.06.2026