Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an uning mamlakati poytaxtida bo‘ladigan sammitda Eron prezidenti Ibrohim Raisiy ham ishtirok etishi haqida avvalroq jurnalistlarga bergan intervyusida aytgan, lekin rasmiy Tehron bu ma’lumotni na tasdiqlagan, na inkor etgandi.
Ba’zi tahlilchilar uchrashuvning amalga oshmagani sababi Eron rahbari Erdo‘g‘andan G‘azodagi urush fonida Isroilga qarshi real harakatlar kutgan degan fikrni ham bildirmoqda.
Kun.uz muxbiri bu masalada siyosiy tahlilchi Ravshan G‘oziyev bilan suhbatlashdi.
— Mavzuning asosiy nuqtasiga o‘tishdan avval Turkiya-Eron munosabatlari G‘azo qirg‘inigacha qanday edi, degan savolga javob bersak.
— Turkiya va Eron munosabatlarining 5 asrlik tarixi bor. 1512 yildagi Chaldiron urushidan boshlab Eron va Turkiya munosabatlari turli to‘lqinlarda davom etib keladi. Bu ikki davlat bir-biriga juda ehtiyotkor munosabatda bo‘ladi, lekin biror nojo‘ya gap chiqib qolsa, ikkoviyam qizishib ketadi. Tarixda Eron va Usmonlilar o‘rtasida mintaqadagi ayrim hududlar, jumladan, Qorabog‘, Kavkaz, Bog‘dod kabilar uchun o‘nlab marta urushlar bo‘lgan.
1637 yilda ikki davlat o‘rtasida Qasri Shirin shartnomasi imzolanadi va ikkala davlat chegaralari belgilab olinadi. 400 yildan beri siyosiy munosabatlar bo‘lib kelyapti. Turkiya respublika bo‘lgach, Eron, Turkiya, Afg‘oniston va Iroq o‘rtasida ichki ishlarga aralashmaslik bo‘yicha Sadabad pakti imzolangan. Bu pakt Eron inqilobidan keyin bekor qilingan, lekin amalda ishlayapti.
— Anqara va Tehron manfaatlari Yaqin Sharqda qaysi manfaat nuqtalaridan kesishadi?
— Arab bahori natijasida yuzaga kelgan Suriya mojarosida Eron va Turkiya bir-biriga zid edi. Turkiya Bashar Asadning ketishini istagan bo‘lsa, Eron uni himoya qildi. Tarixda ham Nodirshoh davrida Turkiya va Eron o‘rtasida diniy urushlar bo‘lgan. Zamonaviy davrda esa Suriya masalasida ko‘rindi bu.
Bundan tashqari, Kavkazdagi ikki davlat pozitsiyasi bor. Eron Kavkazda Turkiya va Ozarboyjon mavqeyi kuchayib ketishini istamaydi. 2020 yilgi 40 kunlik urushdan so‘ng Erdo‘g‘an Ozarboyjondagi harbiy paradda Ozarboyjon bo‘linishi haqidagi Vahabzadening bir she’rini aytgandi va shu ham ancha muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Eron tashqi ishlar vazirligi qattiq munosabat bildirdi. “Chor Rossiyasi Ozarboyjonni Erondan ajratib olgandi, hududiy masalalarimizga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q”, degan munosabatlar yangragan edi. Eron shimolidagi ozariylar ancha ko‘pchilikni tashkil qiladi, shuning uchun Eron xavotirida ham jon bor edi.













