Yakshanba kuni Venesuelada bo‘lib o‘tgan referendumda ovoz berganlarning 95 foizdan ortiq qismi - 10,5 million kishi rasman qo‘shni Gayanaga tegishli bo‘lgan neftga boy Gayana-Essekibo hududi ustidan suverenitet o‘rnatilishini ma’qulagan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, venesuelaliklarning aksar qismi mamlakatga yangi Essekibo shtatini qo‘shib olish tarafdori ekanini bildirgan. Prezident Maduro ovoz berishdagi bunday natijani so‘zsiz g‘alaba deb atagan.

Gayana bunday referendum o‘tkazilishini qoralab, buni Venesuela hukumatining o‘zga hududni anneksiya qilish rejasini oqlashga qaratilgan tajovuzkor urinish deb baholagan.

Gayana-Essekibo asrlar davomida hududiy nizolar sababi bo‘lib keladi. Karakas mamlakat 1800-yillar boshida Ispaniyadan mustaqillikka erishganida ushbu region Venesuelaga o‘tganini aytadi. Gayana hukumati esa bunga javoban Gayana-Essekibo hududi Britaniya Gvianasi tarkibida bo‘lganini bildiradi, mazkur mustamlaka keyinchalik mustaqil Gayanaga aylangan.

Ammo Venesuela hech qachon bunga qo‘shilmagan, ushbu mamlakat xaritalarida Gayana-Essekibo hamisha bahsli hudud sifatida shtrixlangan.

2015 yilda dunyodagi eng yirik neft kompaniyalaridan biri, Amerikaning ExxonMobil kompaniyasi Gayana-Essekiboda yirik neft konini topgach, ushbu mojaro yangidan avj oldi.

Hududiy masaladagi umumxalq referendumi Venesuela prezidenti Nikolas Maduro tashabbusi bilan o‘tkazildi.

Rasmiy Karakas ovoz berish natijalariga asoslanib nima qilishi hozircha noma’lum, ammo bahsli hududni kuch bilan egallashga qaratilgan har qanday urinish xalqaro hamjamiyatning kuchli qarshiligiga uchraydi, deyishmoqda kuzatuvchilar.

Venesuelaga ta’sir qilish usullaridan biri AQShning ushbu mamlakatning neft kompaniyalariga nisbatan sanksiyalarining tiklanishi bo‘lishi mumkin. Bunday sanksiyalar ko‘p yillar mobaynida amal qilib kelgan va faqat shu yil oktyabrida yumshatila boshlangandi.

Gayana-Essekibo tarixi

Gayana-Essekibo regioni 159,5 ming kv. km hududni egallaydi va Gayananing butun hududining uchdan ikki qismini tashkil etadi.

1899 yilda Parijdagi xalqaro arbitraj sudi ushbu hududni Britaniyaga bergan, inglizlar esa bu yerda — Britaniya Gvianasini tashkil etishgan.

1966 yilda Britaniya boshqaruvni mahalliy rasmiylarga topshiradi va sobiq mustamlakaning butun  hududini o‘z ichiga olgan mustaqil Gayana shakllanadi.