So‘nggi kunlarda Isroilning G‘azoga bosqini yana avj oldi. Avvalroq sektor janubidagi Xon Yunus shahrini xavfsiz hudud deb atab, tinch aholini o‘sha yerga ko‘chishga undagan Isroil hukumati endi bu shaharga ham raketalar uchirmoqda. Kun.uz urushdagi so‘nggi voqealarni sharhlash uchun ekspert Shavkat Ikromovni taklif qildi.
— Xavfsiz hudud deb atalgan Xon Yunusga ham hujumlar boshlangani va tinch aholi halok bo‘lgani aytildi. Xon Yunusga hujum qilishdan maqsad nima?
— Arab nashrlaridan biri Netanyahu boshchiligidagi sionistik hukumat shaxmat o‘ynayapti deb yozdi. Va shaxmat o‘yini strategik emas, balki taktik yurishlardan iborat bo‘layotganini ham aytadi. Rostdan ham xuddi shaxmat o‘ynayotganga o‘xshaydi. Avvaliga aholini janubga, ya’ni Xon Yunusga ko‘chishga chaqirdi, endi esa HAMAS vakillari Xon Yunusdan joy olgan deb, o‘sha yerda ham harbiy amaliyot bo‘lishini aytyapti.
G‘azoning geografiyasiga, hozirgi voqealarga qaraydigan bo‘lsak, aholi janubga, Misr chegarasi tomon qisib borilmoqda. O‘tgan suhbatda aholi ko‘chirilishi loyihasi haqida gaplashgandik, balki aholi qisib borilishi shu loyihani amalga oshirish uchundir. Oldin Xon Yunusga borishi kerakligi aytilgan aholi endi [Misr bilan chegaradagi] Rafahga borish kerakligini aytishyapti. Ular intervyularida Misrga chiqarib yuborilishlaridan xavotirlarini aytishyapti.
Xon Yunusga yig‘ilgan aholining soni 1,8 mlnga yaqinlashgan. Bu degani har bir qadamda aholi bor degani, joy juda tor. Bu yerda ham 3 dekabrdan quruqlik amaliyotlari boshlandi, HAMAS vakillari qidirilmoqda. AQSh, BMT, G‘arb va Sharq davlatlari bu yerda katta insoniy talafotlar bo‘lishi mumkinligini aytyapti. AQSh ham Isroildan tinch aholiga yetadigan zararni maksimal kamaytirishni so‘rayapti. Ammo ayni vaqtda amalga oshirilayotgan ishlar qurbonlar sonini faqat ko‘paytiradi. Otashkesim tugab, shanba kuni harakatlar boshlangandayoq OAV 700 nafar falastinlik halok bo‘lgani haqida yozdi. G‘azoda 2,5 mln-3 mlnga yaqin aholi bor. Ularni ko‘chirib chiqarish insoniyat tarixidagi yirik jinoyatlardan biri bo‘ladi.
Isroil Xon Yunusni bir nechta kvartallarga bo‘lib chiqqan. Hujum bo‘ladigan kvartaldagi aholiga bir kun oldin SMS-xabar yuborib, xavfsiz hududga o‘tishini so‘rayapti. Umuman, bu xuddi biz kinolarda ko‘rgandek vaziyat.
— Britaniya maxsus xizmatlari G‘azodagi asirlarni qidirishda Isroilga yordam berishi haqida xabarlar bor. Nega arab davlatlari ham Isroil asirligidagi minglab falastinliklarni ozod qilishda yordam qo‘lini cho‘zishmayapti?















