Ukrainada urushning 650-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Ukraina nashrlariga ko‘ra, mamlakat qurolli kuchlari Qrimdagi neft baza va vertolyotlar turargohi bo‘ylab zarbalar yo‘lladi. Dronlar nishonlarga yetib borgani, oqibatlar esa rossiyaliklar uchun «sezilarli darajada» ekani tasdiqlangan. Rossiya tomoni dronlarni urib tushirishga muvaffaq bo‘lingani, shikastlanish holatlari va jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘qligini bildirgan.
- Xerson o‘qqa tutilishi oqibatida tinch aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘ldi. Ulardan biri — ko‘ngilli.
- Rossiya urush boshlanganidan keyin Ukrainadan olib ketilgan bolalarning olti nafarini qaytardi, deb yozgan The Washington Post.
- Finlandiya bojxona xizmati ikkita mahalliy kompaniya Rossiyaga sanksiya ostidagi tovarlar, jumladan millionlar yevro miqdoridagi dronlarni yetkazib berishda gumonlamoqda.
- RF qo‘shinlari Xarkiv, Lviv va Ukrainaning boshqa oblastlariga uchuvchisiz uchar qurilmalar hamda raketalar bilan hujum qildi. Ukraina qurolli kuchlari 17 drondan 10 tasi urib tushirilganini ma’lum qilgan.
- Time jurnali Putinni «2023 yil odami» bo‘lishga nomzodlar ro‘yxatiga kiritdi. O‘tgan yili bu maqomni Zelenskiy qo‘lga kiritgandi.
- Rossiya hukumati Ukrainadagi urushda general-mayor Vladimir Zavadskiy halok bo‘lganini tasdiqladi. «Vajniye istoriya»ning xabariga ko‘ra, bu Rossiyaning Ukrainadagi bosqini boshlanganidan buyon RF QK yuqori lavozimli ofitserlari o‘limi haqidagi o‘n ikkinchi xabardir.
Kun kadri. Xersonda rossiyaliklar snaryadi hosil qilgan o‘ra
Rossiya qo‘shini 5 dekabr kuni Xerson bo‘ylab raketa zarbasi yo‘lladi. Hujum oqibatida tinch aholi vakillaridan ikki kishi halok bo‘lgan, ulardan biri — «Spravjnі» tashkiloti ko‘ngillisi Ruslan Anisenko. Besh kishi yaralangan. Xerson oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleksandr Prokudin shahar o‘qqa tutilishi va Anisenkoning o‘limi haqidagi xabarida shu kuni Ukrainada Xalqaro ko‘ngillilar kuni o‘tkazilayotgan bo‘lganini qayd etgan.

Ivan Antypenko / Reuters / Scanpix / LETA




























