O‘tgan asrning 60 yillariga kelib iqtisodiyotda «Yapon mo‘jizasi» iborasi paydo bo‘ldi. Bunga sabab, ikkinchi jahon urushidan so‘ng qayta oyoqqa turgan yoki Yaponiya kompaniyalari ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan texnikalarni ishlab chiqara boshladi.

Jumladan, cho‘ntakka joylasa bo‘ladigan radio, magnitofon, rangli televizorlar, videomagnitofonlar, videokameralar va boshqa turli elektronika buyumlarini ilk bor yaponlar ishlab chiqargan.

Shuningdek, XX asr boshlarida tamal toshi qo‘yilgan yapon avtomobil sanoati urushdan so‘ng juda tez sur’atlarda rivojlana boshladi va qisqa muddatda jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.

Garchi 2000-yillardan boshlab Yaponiyaning iqtisodiy o‘sishi sekinlashgan va «Yapon mo‘jizasi» termini kun tartibidan tushgan bo‘lsa-da, bugun ham Yaponiya kompaniyalari o‘zlarining pishiq va sifatli mahsulotlari bilan turli mijozlar e’tirofiga sazovor bo‘lib kelyapti.

Jumladan, yapon avtomobilsozlari ishlab chiqargan turli rusumdagi mashinalar bugun ham dunyo bo‘ylab xaridorgir. Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Yaponiya avtomobilsozlari dunyo bo‘ylab har bir necha o‘n million donadan ko‘p avtomobil ishlab chiqarib sotmoqda.

Yaponiya avtomobilsozlik kompaniyalari orasida Toyota alohida ajralib turadi. 1937 yilda tashkil topgan Toyota bugun dunyodagi eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasi hisoblanadi.

Foto: alamy.com

So‘nggi yillarda kompaniya har yili 8-10 million dona avtomobil ishlab chiqarmoqda va eng ko‘p mashina ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatida yuqori o‘rinni egallamoqda.

Kompaniyaning eng muvaffaqiyatli modellaridan biri Toyota Corolla  hisoblanadi. Bu mashina ilk bor 1966 yilda ishlab chiqarilgan. 1968 yilda Toyota Sprinter nomi bilan uning xetchbek varianti paydo bo‘ladi.

Umumiy hisobda Toyota Corolla uzoq yillardan buyon sedan, ikki, uch va besh eshikli xetchbek, liftbek va universal ko‘rinishlarda ishlab chiqarib kelmoqda.

1966 yildan ishlab chiqarila boshlangan dastlabki Toyota Corolla E10
Foto: helpweixin.com