Ukraina Oliy Radasining sobiq deputati Ilya Kiva jonsiz holda topildi. Uning jasadi Moskva oblasti Odinsovo rayonidagi Suponevo qishlog‘i hududida aniqlashgan. Mahalliy manbalarga ko‘ra, Ilya Kivaning jasadi «Velich’ Country Club» mehmonxonasi yaqinidagi parkda qorda qonga belangan holda yotgan.
Ilya Kivaning jasadini 6 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00 atrofida mehmonxona xodimi uchratib qolgan, deb yozadi Baza telegram-kanali. Kivaning jasadi u yashab kelgan mehmonxonadagi kottej yonidan topilgan, deb xabar qilgan «VChK-OGPU» telegram-kanali. Manba ma’lumotiga ko‘ra, Kiva daraxtzorda o‘qotar quroldan jarohat olgan, shundan keyin qonga belangan holda so‘qmoq bo‘ylab mehmonxonaning asosiy binosi tomon yurib kelgan. Kiva bilan birga yashagan ayol tergovchilarga bergan ma’lumotga ko‘ra, sobiq deputat joylashuvi kuzatilishining oldini olish maqsadida o‘z kanali uchun roliklarni doim mehmonxona yaqinidagi daraxtzorda yozib olgan.
Shot va Baza telegram-kanallari yozishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Kiva bosh qismiga to‘pponcha orqali o‘q uzilishi oqibatida vafot etgan. TASS agentligi sobiq deputat shovqinni pasaytiradigan moslama o‘rnatilgan quroldan otilgan. Mash telegram-kanali aniqlik kiritishicha, Kiva ikki o‘q bilan o‘ldirilgan — uning ko‘krak sohasi va boshiga o‘q uzilgan.
Ukrain nashrlari Kiva Ukraina xavfsizlik xizmati amaliyoti oqibatida o‘ldirilgani haqida yozgan. «Ukrainskaya pravda», «Suspilne», «Gromadske» va boshqa ko‘plab manbalar bu ma’lumotni anonim manbalariga tayanib tarqatgan. Bu xabarlarga ko‘ra, Kiva o‘qotar quroldan o‘ldirilgan. Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov ham «Suspilne»ga bergan intervyusida Kiva o‘ldirilganini tasdiqladi: «Ha, tasdiqlashim mumkin, Kivaning kuni bitdi. Bunday qismat Ukrainaning boshqa sotqinlari, shuningdek, Rossiya rejimi yordamchilarining boshiga ham tushadi». Kiva o‘ldirilgani haqida rossiyalik propagandachi Margarita Simonyan va Radaning sobiq deputati Oleg Tsarev ham xabar bergan. Ukraina prezidenti ofisi bu xabarlar yuzasidan izoh berishni istamagan.
RF Tergov qo‘mitasi Ilya Kiva «qotilligi fakti bo‘yicha» jinoiy ish qo‘zg‘atgan. «Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kechqurun Odinsovo shahar okrugi Suponevo qishlog‘idagi kottej posyolkalaridan birining parkida noma’lum shaxs noma’lum quroldan jabrlanuvchiga qarata o‘q uzgan. Olingan jarohatlardan erkak kishi voqea joyida vafot etgan. O‘ldirilganning shaxsi aniqlangan — bu Ukraina Oliy Radasi sobiq deputati — Ilya Kiva», — deyiladi Tergov qo‘mitasining Moskva oblasti bo‘yicha boshqarmasi xabarida.
Kiva haqida nimalar ma’lum?
Kiva Poltavada tug‘ilgan, bu yerda iste’molchilar huquqlari himoyasi bo‘yicha boshqarmada (shu davrda korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan), keyin militsiyada ishlagan, «Poltavshchina» maxsus patrul xizmati batalyonini boshqargan.










