O‘zbekiston | 11:20 / 08.12.2023
7893
2 daqiqa o‘qiladi

Mol-mulkni uchinchi shaxsga o‘tkazishga o‘rnatilgan taqiqni bekor qilish jarayoni soddalashtirilyapti

Notarius notarial arxiv saqlovida bo‘lgan hujjatlar bilan bog‘liq taqiqni (xatlovni) bekor qilishi mumkin.

Foto: AP

Vazirlar Mahkamasining «Mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish uchun qo‘yilgan taqiqlarni (xatlovlarni) bekor qilish jarayonlarining soddalashtirilishi munosabati bilan boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab yoki xatlab qo‘yilgan mol-mulklar elektron ma’lumotlar bankini shakllantirish, yuritish va undan foydalanish to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Notarius notarial arxiv saqlovida bo‘lgan hujjatlar bilan bog‘liq taqiqni (xatlovni) bekor qilishi mumkin.

Notarial tasdiqlangan garov (ipoteka) shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar to‘liq bajarilgan taqdirda mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishga taqiq bekor qilinganligi haqidagi ma’lumotlar:

  • 2019 yil 1 yanvarga qadar qo‘yilgan bo‘lsa – notarius yoki tegishli notarial arxiv mudiri tomonidan;
  • 2019 yil 1 yanvar va undan keyin qo‘yilgan bo‘lsa – tegishli bank yoki kredit tashkiloti tomonidan elektron ma’lumotlar bankiga kiritiladi.

Bank va kredit tashkilotlarining taqiqni bekor qilish haqidagi xabarnomasi elektron ma’lumotlar bankiga elektron shaklda yuborilishi mumkin. Bunda xabarnomada:

  • mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishga taqiq qo‘yilishiga asos bo‘lgan notarial tasdiqlangan bitimning reyestr raqami va sanasi;
  • taqiq bekor qilinishi lozim bo‘lgan mol-mulk haqidagi ma’lumotlar (identifikator);
  • bank yoki boshqa tashkilotning STIRi ko‘rsatilishi zarur.

Mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlab yoki xatlab qo‘yish, shuningdek, uni bekor qilishda to‘lov undirilmaydi, notarius tomonidan taqiq (xatlov) bekor qilinadigan hollar bundan mustasno.

Mavzuga oid