11 dekabr kuni Aleksey Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish siyosatchi g‘oyib bo‘lganini aytdi. «Advokatga hozirgina qo‘ng‘iroq qilib mahbus Navalniy endi Meloxovadagi 6-jazoni ijro etish muassasasida saqlanmayotganini aytishdi. Uni qayerga olib ketishganini aytishni esa istashmadi», deb yozdi Yarmish.
2021 yil yanvar oyida Germaniyadan qaytishi bilan qo‘lga olingan Navalniyga nisbatan juda ko‘p jinoiy ish ochilgan. Shunday ishlardan biri haqida siyosatchi 1 dekabr kuni xabar bergandi. Avvalroq ekstremizmda ayblanib 19 yilga qamalgan Rossiya muxolifati yetakchisini navbatdagi ish doirasida vandalizmda ayblashmoqda.
Bu ish bo‘yicha o‘tkazilgan sud majlisida Navalniy ishtirok etmagani uning tarafdorlarini xavotirga soldi. Keyinchalik siyosatchining advokatlariga ham u bilan ko‘rishish imkoni berilmagan. Shundan keyin Navalniy jamoasi vakillari siyosatchi g‘oyib bo‘lgani haqida gapira boshladi.
Odatda Kreml pozitsiyasini qo‘llovchi Baza telegram-kanali yozishicha, Navalniyni navbatdagi ish bo‘yicha tergov qilish uchun Moskvaga olib ketishgan. Baza manbasi qonunga ko‘ra Navalniyni qattiq rejimdagi koloniyaga o‘tkazishlari mumkinligini ham qo‘shimcha qilgan.
Navalniy jamoasi yetakchilaridan bo‘lgan Ivan Jdanov siyosatchi haqidagi ishonchli ma’lumot uchun pul mukofoti va’da qildi.
«Sizga [Navalniy haqida] nimadir ma’lum bo‘lsa, bizga xabar qiling. Ishonchli va to‘liq ma’lumot uchun mukofot va’da qilamiz», deb yozdi u. Navalniy asos solgan va Rossiyada ekstremistik tashkilot deb topilgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi a’zolari Aleksey bilan bir haftadan buyon bog‘lana olishmayapti.
13 dekabrdagi sud majlisida ham Navalniy ishtirok etmadi. Sudya qamoqxona vakilidan uning qayerda ekani haqida ma’lumot so‘radi, lekin xodim talmovsirab qoldi va aniq javob bermadi. Navalniy qamalganidan buyon o‘z ustidan ochilgan ishlar bo‘yicha sudlarda qamoqxonadan turib videokonferensiya orqali onlayn ishtirok etayotgandi. Oxirgi majlisarda esa onlayn bo‘lsa ham qatnasha olmadi. Qamoqxona vakillari buni go‘yoki «koloniya hududidagi avariya» bilan bog‘lashdi.
Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskovdan ham Navalniy qayerda ekani haqida so‘rashdi. Putinning matbuot kotibi esa Kremlda mahbuslar qayerdaligini kuzatish imkoni yo‘qligini aytdi. «Bizda mahbuslar taqdiri, ularning qayerda saqlanishi kabi jarayonlarni kuzatish istagi ham, imkoniyati ham yo‘q», degan Peskov bu haqda.









