O‘zbekiston | 11:08 / 13.12.2023
3528
3 daqiqa o‘qiladi

“Tabiatga 61,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgan” – Senat noruda qazilmalar bo‘yicha noqonuniy holatlarni ochiqladi

Sirdaryo o‘zanida 16 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan tozalash ishlari tartibsiz amalga oshirilgani oqibatida daryo qirg‘oqlari yemirilgani aniqlangan. Chirchiq daryosida yuzaga kelgan tang ekologik ahvol tufayli esa o‘zan tozalash ishlariga jalb qilingan 18 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyati to‘xtatilmoqda. 

Foto: Senat.uz

Senatorlar milliy muammo sifatida ko‘tarib chiqqan masalalar bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis Senati yuborgan parlament so‘rovidan so‘ng noruda foydali qazilmalarni qazishdagi qonunbuzarliklarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilishini ta’minlagan. 

Jumladan, Sirdaryo viloyati hududidan oqib o‘tgan Sirdaryo daryosi o‘zanida 16 ta tadbirkorlik sub’yekti tomonidan daryo o‘zanini tozalash ishlari tartibsiz amalga oshirilgani oqibatida daryo qirg‘oqlari yemirilgani va 4,6 ming metr kub noqonuniy qazish ishlari olib borilgani aniqlangan. Ularga nisbatan tabiiy obektlarga yetkazilgan 7,4 mlrd so‘m zararni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Jizzax viloyatida Sangzor daryosining 6 ta nuqtasida bir qator korxonalar hamda boshqa jismoniy shaxslar tomonidan noqonuniy qazish bo‘yicha aniqlangan holatlar yuzasidan esa prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Samarqand viloyatida olib borilgan nazorat tadbirlarida yetkazilgan zarar summalari aniqlanib, to‘plangan hujjatlar viloyat prokuraturasiga kiritildi. Jumladan, “Samarqand keramik” MChJ tomonidan Nurobod tumani Sazag‘ansoy soyidan noqonuniy ravishda qizil qum aralashmasi qazib olingani natijasida tabiiy obektga 1,8 mlrd so‘m, “Mironshoh Mirkomil” XK tomonidan Past Darg‘om tumani Kimyogarlar qo‘rg‘onidan oqib o‘tuvchi “Eski Anhor” kanali muhofaza doirasidan noqonuniy ravishda tabiiy qumni qazib olgani natijasida tabiiy obektlarga 3,6 mlrd so‘m, Jomboy tumanida joylashgan “Olmazor sevinch” MChJ tomonidan noqonuniy tarzda qum shag‘al aralashmasi qazib olingani natijasi tabiatga 4,8 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan”, deyiladi Senat xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, jami 58 ta jinoyat ishi bo‘yicha aniqlangan holatlar tufayli tabiatga 61,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgani hisoblanib, hozirda ularni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, Ekologiya organlari tomonidan tasdiqlangan loyiha hujjatlari hamda ekologiya ekspertiza xulosalari talablari asosida o‘zan tozalash ishlari yuritilishi doimiy ravishda o‘rganilmoqda. Jumladan, respublika bo‘yicha 311 ta tadbirkorlik sub’yekti joyiga chiqqan holda monitoring qilingan. Tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 8 km daryo va soy o‘zanlari tozalanib, 467 ming metr kub qum-shag‘al materiallari hisobi yuritilgan. Fuqarolar tomonidan 33 ta qoidabuzarlik holati sodir etilgani aniqlanib, 166 mln so‘mlik jarimalar qo‘llangan.

Chirchiq daryosi o‘zanida yuzaga kelgan tang ekologik ahvol tufayli esa o‘zan tozalash ishlariga jalb qilingan 18 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyatini bosqichma-bosqich to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid