Gayanani anneksiya qilish – faqat Maduroning loyihasi emas. Venesuela prezidenti – Vladimir Putinning eng yaqin ittifoqchilaridan. Rossiya va Xitoy AQSh va kollektiv g‘arbni holsizlantirish uchun yangi urush o‘choqlarini yaratishga urinyapti, deydi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Ukrain va G‘azo bo‘lgasidagi harbiy harakatlar fonida Janubiy Amerikada ham yana bir urush vulqoni otilishi mumkin. Venesuela qo‘shni Gayana hududini kuch bilan bosib olishga qaratilgan harakatlarni boshladi. “Geosiyosat” dasturi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning bu mavzu borasidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Venesuela nima uchun Gayana hududiga da’vo qilyapti?

— Lotin Amerikasi bo‘yicha mutaxassis emasman, ammo so‘nggi 10 kunda bu mintaqadagi voqealarni kuzatib, ma’lumotlarni o‘rganishga harakat qilyapman. 3 dekabr kuni Venesuelada referendum bo‘lib o‘tgan va 93-95 foiz aholi Gayanani qo‘shib olishga ovoz bergan. Ammo G‘arb matbuoti xabarlariga ko‘ra, bu referendumda aholining bor-yo‘g‘i 10 foizi ishtirok etgan. Ya’ni bu referendumning legitimligi unchalik yuqori emas. Aholining ko‘p qismi qatnashganda, ularning haqiqiy xohish-istaklari yaxshi ko‘rinar edi. Ishtirok etmaslik esa hukumat loyihalarini qo‘llamaslik yoki befarqlikni bildiradi.

Referendumda 5 ta savol qo‘yilgan. Ulardan birida xalqaro jinoiy sudga ham munosabat bildirilgan. Ya’ni Venesuela Gayanani anneksiya qilgach, sudga berilishga ham tayyorgarlik ko‘ryapti.

Gayana va Venesuela o‘rtasidagi ziddiyat tarixi juda uzun. Lotin Amerikasi kashf etilgandan buyon Gayana turli davlatlar nazoratida bo‘lgan. Dastlab Gollandiya o‘z nazoratini o‘rnatgan, keyin Angliyaga o‘tgan, Fransiya bilan Angliya bu hudud uchun ziddiyatlarga borgan. 20-asrda Venesuela va Gayana o‘rtasida ko‘plab to‘qnashuvlar bo‘lgan, bular siyosiy va sud darajasida ham bo‘lgan, sudlar Angliya foydasiga hal bo‘lgan. Shu paytga qadar Venesuela Gayanani mustaqil davlat sifatida tan olmagan, bizning hudud degan da’volari bor hali ham. Bu konflikt tarixi uzun va bu yerda Lotin Amerikasi sivilizatsiyasi uchun kurashgan ikki tomon bor: anglosaksonlar va lotin dunyosi (ispan, portugallar). Ispaniya va Portugaliya Lotin Amerikasidagi katolik sivilizatsiyasining asoschilari hisoblanadi.

Gayananing sohil qismida juda katta neft konlari topilgan. Bu yerda Amerika kompaniyalari ish olib boradi. Bu hududda hozirgacha aniqlangan neft hajmi 11 mlrd barreldan oshadi. Ekspertlar fikricha, bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Lotin Amerikasidagi jon boshiga YaIM bo‘yicha eng katta o‘sishga erishgan davlat aynan Gayana. Oxirgi 3 yilda YaIM 300 foizga oshgan – juda katta o‘sish. Qolaversa, 2018 yilda jon boshiga YaIM 7 ming dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib esa 21 ming dollar bo‘lgan. Keskin o‘sish bu. Aholisi ko‘p emas, 700 mingga yaqin. Tug‘ilishlar soni yaxshi, lekin ko‘chib ketish ham juda ko‘p. Davlat hududi O‘zbekistonning uchdan biriga to‘g‘ri keladi.