Kun.uz'ning “Hayotiy hikoyalar” rukni bugun e’tiboringizni Sirdaryoning Yangiyerida yashovchi nogironligi bo‘lgan qiz qismatidagi bitiklarga qaratadi.
Nigora Abdunazarova 32 yoshda. U ancha yillar oldin otasini, 2023 yil aprel oyida esa onasini yo‘qotgan. Bolaligidan 1-guruh nogironi, 14 yoshgacha oyoqda tik yura olgan, undan keyin esa fiziologik nuqsonlari sabab umuman yurmay qo‘ygan. Shifokorlar Nigoraga mushaklarning bo‘shashib ketishi, ilik qurishi tashxisini qo‘yishgan.
“14 yoshimdan keyin bora-bora qo‘l-oyoqlarimning harakati kuchsizlanishi boshlanib, barmoqlarimning tortishib qolishlari, bo‘ylarimning o‘smay qolishi – hammasi yurolmay qolganimdan keyin boshlandi. Hozirda kasalligim kuchayib boryapti, qo‘l-oyoqlarimda kuch qolmagan, qarovchilarim menga ovqatimni yedirib qo‘yib, tashqariga ham chiqarib qo‘yishyapti.
Shifokorlar menga doimiy davolanib turish shartligini aytishgan, lekin hozirda davolanishga mablag‘im yetmayapti, har 3 oyda shifokor ko‘rigiga borib turishim kerak. 1,5-2 mln so‘mlik dori yozib berishadi. Bularni to‘xtatmay ichishim zarur, lekin hozirda shularni ham ololmaganim sabab kasalligim battar rivojlanib boryapti”,– deydi u.
2018 yilda Nigoraning onasiga boshlang‘ich badali davlat tomonidan to‘langan holda Ipotekabankning 20 yillik krediti evaziga uy berilgan. Bu jarayonda hokimiyat kafillikni bo‘yniga olgan, bu hatto notarial tartibda rasmiylashtirilgan ham. Bu ikki mehnatga layoqatsiz va nogironligi bo‘lgan ona-bola yillar davomida nafaqalaridan tushadigan mablag‘ga ham kun ko‘rishgan, ham uyning kreditini to‘lashgan. Onasi vafot etgach, hamma mas’uliyat Nigoraning bo‘ynida qolgan.
“Hozir uy onamning nomida qolib ketgan. Bank xodimi menga telefon qilib, endi kredit to‘lovini siz davom ettirasiz, dedi. Men to‘lolmasligimni, nafaqa pullarim bunga yetmasligini, qolaversa, olayotgan pulimni qarovchiga berayotganimni aytdim. Hozirda kreditning foizi yozilib yotibdi. Apreldan beri umuman to‘lolganim yo‘q, bundan keyin ham to‘lolmayman. Agar to‘lovini qila olmasam, bank uyni olib qo‘yib, boshqa kam ta’minlanganga berib yuborishi mumkin”,– deydi Nigora Abdunazarova.
Noiloj qolgan Nigora bir nechta mas’ul tashkilotlar, xususan, mahalliy hokimlik hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilgan. Ammo ularning hech biri holatga jiddiy e’tibor qaratmagan, yechim bermagan, aksincha unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lishgan.




















