Jahon | 13:53 / 16.12.2023
6582
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada birinchi marta harbiy ro‘yxatga turishdan bosh tortgan shaxslar fuqarolikdan mahrum qilindi

Chelyabinsk sudi 21 va 24 yoshli aka-ukalarni harbiy ro‘yxatga turishdan bo‘yin tovlagani uchun olingan fuqarolikdan mahrum qildi. Ular Rossiyani tark etishlari kerak, deya ma’lumot berdi IIV Bosh boshqarmasi.

Foto: Mikhail Golenkov/SNA/IMAGO

Rossiya sudi birinchi marta harbiy ro‘yxatga turishdan bo‘yin tovlaganlik sababli olingan fuqarolikni bekor qildi. Chelyabinsk viloyat sudi quyi instansiya sudining bu boradagi qarorini tasdiqladi, deb xabar qildi 15 dekabr, juma kuni Ichki ishlar vazirligi mintaqaviy bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Chelyabinsk viloyatida yashovchi, avval sobiq SSSR respublikalaridan birining fuqarosi bo‘lgan 21 va 24 yoshli aka-uka Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza berish chog‘ida «harbiy majburiyatni o‘tamaslik uchun bila turib yolg‘on ma’lumotlar taqdim etgan», deyiladi idora xabarida. Unga ko‘ra, ular «Noqonuniy migrant» operatsiyasi chog‘ida huquq-tartibot idoralari xodimlari e’tiboriga tushgan.

«Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi federal qonunning 10-moddasiga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini olishda harbiy ro‘yxatga olinishi kerak bo‘lgan fuqarolar ikki hafta ichida harbiy komissarlikka kelishi shart», — deyiladi xabarda.

Rossiyada ro‘yxatdan o‘tishni rad etganlik uchun fuqarolikdan mahrum qilishning birinchi holati

Ichki ishlar vazirligining Chelyabinsk bo‘yicha bosh boshqarmasi Migratsiya boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Yelena Dovbenko «Interfaks»ga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, qaror xuddi shunday asosda Rossiya fuqaroligidan mahrum qilish bo‘yicha birinchi pretsedent bo‘ldi. «Biz Rossiyada birinchi bo‘lib bunday qarorga keldik. Fuqarolik olish uchun murojaat qilganda, fuqaro qonunga, Rossiya Federatsiyasi konstitutsiyasiga rioya qilish majburiyatini olganligi to‘g‘risidagi arizaga imzo chekadi. Bu holatda ikki nafar yosh yigit majburiyatini bajarmadi», dedi u.

Dovbenko, shuningdek, sud qaroriga ko‘ra, yigitlar Rossiya Federatsiyasini tark etishi kerakligini aytdi. «Sud qarorining ijrosi bizning nazoratimizda. Ularning pasportlari olib qo‘yiladi va ular o‘z ixtiyori bilan chiqib ketishlari kerak. Qarorni ixtiyoriy ravishda bajarishdan bosh tortgan xorij fuqarolari deportatsiya qilinadi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Ommaviy axborot vositalarida Rossiya Federatsiyasida yashovchi muhojirlarning Ukrainaga qarshi urushga yollanishi haqida bir necha bor xabar berilgan. Xususan, «Vajnyye istorii» Moskvaning mintaqalarga boshqa mamlakatlar fuqarolarini shartnomaviy harbiy xizmatga jalb qilish talabi haqida yozgan. Bundan tashqari, chet elliklar Rossiyadan tashqarida rus armiyasiga yollanyapti. Jumladan, bunday holatlar Serbiya, Nepal va Kubada kuzatilgani ma’lum.

Mavzuga oid