Ukrainada urushning 663-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Belgorod oblasti gubernatori chegaradagi Terebreno qishlog‘ida «raqib bilan o‘qotar qurollar vositasida janglar olib borilgani» haqida xabar berdi. Otishmalar oqibatida elektr uzatish liniyasi shikastlangan, Terebreno va qo‘shni Starosele qishlog‘idagi abonentlar elektrdan uzilgan. Shuningdek, Terebrenoda uchta uyga shikast yetgan. «Rossiyaga ozodlik» legioni Belgorod oblastiga hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olgan.
- Rossiya mudofaa vazirligiga ko‘ra, Rostov, Lipetsk va Volgograd oblastlari hududida ukrainlarning 35 ta droni to‘xtatilgani va urib tushirilganini ma’lum qildi. Gubernator Igor Artamonov dronlar ilk bor Lipetsk oblastiga hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.
- Yozuvchi Boris Akuninga nisbatan Rossiya armiyasi to‘g‘risida «feyk» tarqatish hamda terrorizmni oqlash bo‘yicha ish ochildi. Uni Rosfinmonitoringning terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga tirkashgan.
- Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 12-paketini tasdiqladi. Bu olmos importini taqiqlash va Rossiyaga harbiy va boshqa ikkinchi maqsadlarda ham foydalanish mumkin bo‘lgan tovarlar va texnologiyalarni reeksport qilishni cheklashni o‘z ichiga oladi. 86 tashkilot va 61 jismoniy shaxs, jumladan Dmitriy Medvedevning o‘g‘li Ilya, Kuzbass gubernatorining rafiqasi – Vladimir Putinning amakivachchasi Anna Tsivilev, shuningdek Moskva shahar dumasi rahbari Aleksey Shaposhnikov personal sanksiyalar ta’siriga tushgan.
- Finlandiyada sud «Rusich» neonatsistlar guruhi yetakchilaridan biri Voislav Tordenni hibsga oldi. U Ukrainada harbiy jinoyatlar sodir etishda gumonlanmoqda.
- «Mediazona» va BBC rus xizmati 155-dengiz piyodalari brigadasining kamida 234 nafar harbiysi Ukrainada halok bo‘lganini tasdiqladi.
- Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Yevroittifoq Ukrainaga yordam paketini kelishish uchun Vengriyani ovoz berish huquqidan mahrum etishi mumkin.
Kun kadri. Donetsk oblastidagi ukrain harbiy xizmatchilari



































