16:49 / 20.12.2023
10581

Qum barxanlari orasidagi hayot – “Oqtog‘ tomdi” | Manzil

Navoiy viloyatining Tomdi tumani yastanib yotgan bepoyon cho‘llardan iborat. Atrofga qarab bu yerlarda umuman tirik jon bo‘lmasa kerak, degan xayol o‘tadi odamdan. Aslida esa unday emas. “Manzil” loyihasi mana shu cho‘lliklardagi flora va faunani saqlab qolish uchun tashkil qilingan “Oqtog‘ tomdi” davlat qo‘riqxonasiga sayohat qildi.

Qo‘riqxona tomon yo‘l olarkanmiz, ora-orada ovullar ko‘rinib qoladi. Eng oxirgi ko‘rgan ovulimiz O‘temurad ovuli. Bu ovuldan keyin qo‘riqxona hududigacha 80 km cho‘l oralab yurib borish kerak.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, qo‘riqxona hududida daraxtlardan saksovul, chala butalardan shuvoq, pechak va sho‘raklar tarqalgan. Bu yerda o‘tlar orasida yantoq, kiyiko‘ti, isiriq va boshqa turdagi ko‘plab o‘simliklar uchraydi. Bahor mavsumida qizg‘aldoq, boychechak, lola kabi manzarali o‘simlik turlari o‘sadi.

Sudralib yuruvchilardan bo‘z echkemar, taroq barmoqli gekkon, qurbaqabosh cho‘l kaltakesak, yol-yo‘l kaltakesak, charxilon, cho‘l toshbaqasi uchraydi.

Sut emizuvchilardan jayron, yovvoyi to‘ng‘iz, ingichka barmoqli yumronqoziq, tushki qumsichqon, bo‘ri, tulki, qum tovushqoni, yovvoyi quyon kabi hayvonlar yashaydi.

Qushlardan lochin, tentakqush, cho‘l moyqut, cho‘l qarg‘asi, to‘rg‘ay uchraydi.

Umurtqasiz hayvonlardan tirik o‘rgimchaksimonlar sariq falanga, chayon, qora tanali qo‘ng‘izlar, iskabtoparlar, zahkashlar keng taqalgan.

Tohirjon Tursunov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus

Ushbu ko‘rsatuv O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Mavzuga oid
Top