G‘azodagi vaziyat

Falastin qochqinlari yordam berish bo‘yicha BMTning Yaqin Sharqdagi agentligi G‘azo sektoridagi navbatdagi hisobotini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon G‘azo sektorida qariyb 1,9 mln kishi o‘z turarjoylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan, milliondan ortiq odamlar G‘azoning janubidagi Rafah shahridan boshpana topgan.

G‘azo janubidagi BMTning boshpanalari to‘lib toshgan, bu esa suv borasida taqchillik va kasallik tarqalishi ehtimolini kuchaytiradi. O‘n minglab falastinliklar ko‘chalarda yashashga majbur bo‘lishmoqda. 360 mingdan ortiq yuqimli kasalliklar holatlari aniqlangan. G‘azo aholisi oziq-ovqat taqchiligiga duchor bo‘lgan.

«Majburiy ko‘chirilgan falastinliklar uchun boshpana bo‘lib xizmat qilayotgan uylardan birida 40 ming odam yashamoqda. Ular odeyol va polietilen plyonka bilan bo‘lingan kataklarga joylashishgan», — degan BMT agentligi rahbari Filipp Lazzarini.

7 oktyabrdan buyon BMT obektlariga Isroil tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita 150 marta zarba berilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus G‘azo sektoridagi shifoxonalarning bor yo‘g‘i 30 foizi faoliyat ko‘rsatayotganini ta’kidlagan.

«G‘azoning sog‘liqni saqlash tizimi kollaps yoqasida. Yana bir minimal faoliyat ko‘rsatib turgan shifoxonaning yo‘qotilishi tizimga jiddiy zarba beradi», — degan Gebreyyesus. U shifoxonalar, tibbiyot personali va bemorlarga hujumlar bas qilinishi lozimligini ta’kidlagan.

So‘nggi bir kun ichida G‘azoda halok bo‘lganlar soni 214 kishiga ko‘payib, jami qurbonlar soni 19 ming 667 kishiga yetgan. Yaradorlar 52,5 mingdan oshgan.

Fransiya O‘rdun daryosining g‘arbiy sohiliga kelib noqonuniy joylashib olgan yahudiylarga nisbatan sanksiyalar joriy qiladi. Rasmiy Parij arab turg‘unlariga qarshi zulmni to‘xtatish uchun Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan O‘rdun daryosining g‘arbiy sohili yerlariga kelib joylashib olgan ekstremistik kayfiyatdagi yahudiy ko‘chkindilariga qarshi cheklov choralarini qo‘llamoqchi.

Isroil prezidenti mamlakat HAMAS bilan yangi vaqtinchalik sulh tuzishga tayyor ekanini e’lon qildi.