Jahon | 18:53 / 22.12.2023
18564
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada poyezd ostiga yiqilib tushgan o‘smir halok bo‘lgani va o‘zbekistonlik ekani tasdiqlanmadi

Moskva temiryo‘llariga qarashli Kuryanovo stansiyasida elektr poyezd ostiga yiqilib tushgan o‘smir omon qolgani va hozir tuzalayotgani xabar qilindi. Avvalroq maktab o‘quvchisi O‘zbekiston fuqarosi ekani va vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Foto: Videodan kadr

Moskva temiryo‘llariga qarashli Kuryanovo stansiyasida poyezd ostiga yiqilib tushgan yigitcha omon qolgan va hozir tuzalmoqda. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

Voqea 4 dekabr kuni sodir bo‘lgan va 14 dekabrga kelib, OAV va telegram-kanallarda holat tasviri e’lon qilingan.

Bu xabarlarda do‘stlari bilan Kuryanovo bekati platformasida «hazil-huzul qilib qo‘l sermagan yigitcha poyezda ostiga yiqilib tushib, vafot etgani» xabar qilingan edi.

«2005 yilda tug‘ilgan jabrlanuvchi Inozemsev nomidagi kasalxonaga yotqizilgan. Uning oyoqlari va tos suyaklari singan. Uning holati barqaror», — degan agentlikning shifoxonadagi suhbatdoshi.

Moskva temiryo‘llari korxonasi TASSga voqea chindan ham sodir bo‘lganini tasdiqlagan.

«4 dekabr kuni soat 15:34 da Kuryanovo bekatida temiryo‘l infratuzilmasida turish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan inson poyezd tomonidan jarohatlangan.

MTY fuqarolarga temiryo‘l infratuzilmasida xavfsiz yurish-turish qoidalariga qat’iy amal qilishni so‘raydi», — degan Moskva temiryo‘llari korxonasi matbuot xizmati xodimi.

O‘zbekistonlik ayrim blogerlar jabrlangan fuqaro 2004 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmish maktab o‘quvchisi ekani va u olingan jarohatlardan vafot etgani haqida shoshilinch xabar tarqatgan. O‘zbekistonlik mehnat migrantlari turli guruhlarda marhumning jasadini O‘zbekistonga qaytarish uchun pul to‘plashayotgani, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirmaganini yozishgan.

Biroq poyezd ostiga yiqilgan o‘quvchining O‘zbekiston fuqarosi ekani to‘g‘risidagi iddao rasman tasdiqlanmagan.

Shuningdek, 22 dekabr kuni ham bir o‘zbekistonlik Rossiya Federatsiyasida elektrichka ostida qolib vafot etgani to‘g‘risida X ijtimoiy tarmog‘ida tasdiqlanmagan xabar berildi. 

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid