“Tomoshabinning o‘zi san’at asarini qabul qilmay qo‘ydi. Masalan, «Million» jamoasini hamma tanqid qiladi, lekin necha kun konsert bersa ham, zal to‘la bo‘ladi. Seriallarning saviyasizligi bilan bog‘liq muammoning ildizi asosan xususiy kanallarga borib taqaladi. Muhokamaga sabab bo‘ladigan sahnalarni tomoshabinning o‘zi talab qiladi”. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Kun.uz’ga bergan intervyusida prezident raisligida Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidan xulosalar haqida fikr yuritdi.

22 dekabr kuni prezident Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi. Tadbirda ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat, san’at va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Kun.uz muxbiri nima uchun ushbu mavzular prezident darajasida ko‘tarilib muhokama qilingani, jadidlar masalasi nega hamon dolzarbligi, teatr san’ati ahvoli hozir qanday ekani va nima o‘zgarishlar bo‘lishi kutilayotgani, seriallarning saviyasizligidagi muammoning ildizi qayerdaligi kabi savollar yuzasidan Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan suhbatlashdi.

— Ozodbek aka, 22 dekabr kuni prezident Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi. Siz o‘zingiz ham bu tadbirda qatnashdingiz va unda ko‘tarilgan masalalar bevosita siz rahbarlik qilayotgan sohaga dahldor. Nima deb o‘ylaysiz? Nima uchun ma’naviy-ma’rifiy mavzu prezident darajasida ko‘tarilib muhokama qilindi, bunga nima zarurat bor edi?

— O‘zi bu yig‘ilishga 2-3 oydan beri tayyorgarlik bo‘layotgan edi. Lekin o‘tgan oylarda prezidentimizning grafiklari tig‘iz bo‘lgani uchun biroz ortga surildi. Bu yig‘ilish har yili yil yakunida bo‘lishi kerak, Ma’naviyat kengashining raisi prezidentimizning o‘zlari. O‘tgan yillardagi pandemiya va boshqa muammolar sabab oxirgi marta 2019 yil bo‘lgan edi. Bu safargi yig‘ilish Respublika miqyosida juda keng tarzda bo‘ldi.

Bu yo‘nalishga katta urg‘u berilib, shu darajadagi yig‘ilish bo‘ldi. Sir emaski, butun dunyoda beqaror vaziyat hozir, barcha ko‘rib turibdi. Xalqaro darajadagi kelishuvlar ham kuchini yo‘qotyapti, bepisandlik bo‘lyapti. Ertaga geosiyosiy maydonda davlatlar bu holatdan qay kayfiyatda chiqadi, dunyo siyosati qay tomonga o‘zgaradi — buni hech kim oldindan aytib berolmaydi. Siyosiy beqarorlik mavjud dunyoda. Shu ma’noda Markaziy Osiyo barcha katta davlatlarning e’tiborida turibdi, Markaziy Osiyo ularning hammasiga kerak. Bunday beqaror vaziyatda qaysi davlatga «uchqun» borib tegishi, bu baloning urchib ketmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Shuning uchun o‘zimizda milliy immunitet shakllanishi shart, jamiyatimizga suv va havoday zarur bu.