Rossiya davlat agentliklari tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Shoygu Rossiya qo‘shini Maryinkani egallash orqali, «[Ukraina qurolli kuchlari] artilleriyasini Donetskdan ancha uzoqlashtirgan […], va bu bugungi kunda Donetskni zarbalardan samaraliroq himoya qilish imkonini beradi».

Donetskdan bir necha kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Maryinka shahri 2014 yilda, Rossiya va Donbassdagi ayirmachilar bilan urush boshlangan chog‘dayoq ukrainlarning harbiy harakatlar hududidagi mustahkam istehkomiga aylangandi.

Ukrainalik harbiylar raqib ularni Maryinkadan butkul siqib chiqargani to‘g‘risidagi ma’lumotini rad etdi.

«Maryinka uchun janglar davom etmoqda. Hozirda bizning harbiy xizmatchilar Maryinkaning ma’muriy chegaralarida bo‘lib turibdi», — degan ukrain kanallarining telemarafon efirida Tavr yo‘nalishi mudofaa kuchlari birlashgan matbuot markazi press-attashesi Oleksandr Shtupun.

«Shahar to‘liq yakson etilgan. Ammo Maryinka to‘liq ishg‘ol etilgani haqida gapirish noto‘g‘ri», — deya qo‘shimcha qilgan Shtupun.

Blogerlar shahar chegaralariga chiqilganini tasdiqlamoqda

Ukraina harbiy bloglari esa Shtupindan ko‘ra Shoyguning so‘zlari haqiqatga yaqinligini tasdiqlamoqda. Ularning ayrimlari tomonidan namoyish etilgan xaritalarda Rossiya qismlari so‘nggi vaqtlarda hovuzning shimoliy sohili va shahar shimoliy-g‘arbiy chekkasidagi sobiq Ivan Franko ko‘chasi bo‘ylab oldinga siljib, uning ma’muriy chegarasiga chiqqani va bir vaqtning o‘zida Georgiyevka qishlog‘iga yetib borgani ko‘rsatilgan.

«Tunda dushmanning ilg‘or otryadlari Georgiyevkaga kirishga urindi, ammo harakatni boshlash bosqichidayoq zarbalar bilan to‘xtatildi», — deya yozgan dushanba kuni ukrain armiyasining 46-desant brigadasi telegram-kanali mualliflari.

Nima bo‘lganda ham, Maryinka shahri to‘liq egallangani yoki to‘liq egallanmagani to‘g‘risidagi bahslar — bir necha yuz metrlik xarobalar ustidan nazorat bo‘yicha bahslar hisoblanadi. Dekabr oyi boshidayoq shaharning 96 foiz hududi ruslar nazoratiga o‘tib bo‘lgandi.

Qolaversa, Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi harbiy harakatlarning borishi to‘g‘risidagi kunlik hisobotlarida Donetsk oblastining Maryinka shahrini tilga olmay qo‘ygan.