Jahon | 10:50 / 27.12.2023
5841
3 daqiqa o‘qiladi

FT: YeI Vengriya vetosini chetlab o‘tib, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash rejasini tayyorlayapti

Yevropa Ittifoqi Vengriya vetosini chetlab o‘tib, Ukrainaga 20 milliard yevro ajratish bo‘yicha «B rejasi»ni tayyorlamoqda, deb yozadi Financial Times. Mablag‘lar Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning kafolatlari evaziga qarzga olinishi mumkin. Kiyevga mart oyigacha yordam kelib tushishi kutilyapti.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi Budapesht bilan kelishuvga erishilmasa Vengriya vetosini chetlab o‘tib, Ukrainaga 2027 yilgacha 20 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratish uchun «B rejasi»ni tayyorlamoqda. Bu haqda 27 dekabr, chorshanba kuni xabardor manbalarga tayanib, Financial Times xabar berdi. Ularga ko‘ra, zarur mablag‘lar kapital bozorlaridan qarz sifatida olinishi mumkin, bunda a’zo mamlakatlar YeI budjeti oldida ularni o‘z zimmasiga olishi kafolati talab etiladi.

Bunday sxema Vengriya qarshi chiqqan holat - Yevropa Ittifoqi budjetidan pul ajratishdan farqli o‘laroq, barcha YeI davlatlarining roziligini talab qilmaydi. Kafolatlar kredit reytingi yuqori bo‘lgan mamlakatlar tomonidan taqdim etilishi kerak, ularning ba’zilarida - masalan, Germaniya va Niderlandiyada bu - parlament roziligini talab qiladi. Biroq, Bryussel bu tartiblarni mart oyiga qadar yakunlashni rejalashtirmoqda - aynan mana shu muddat Kiyevga yordam berish uchun belgilangan. 

Ushbu rejaning kamchiligi shundaki, u Yevropa Ittifoqidan Ukrainaga markazlashtirilgan grantlar ajratishni nazarda tutmaydi. Biroq, alohida a’zo davlatlar buni ikki tomonlama asosda amalga oshirishi mumkin, deydi FT manbalari. 

Ularning so‘zlariga ko‘ra, yana bir zaxira reja - Ukrainaga arzon qisqa muddatli kreditlar berish. Ushbu sxema bo‘yicha Kiyev o‘tgan yili Bryusseldan 18 milliard yevro olgan. Ammo bu variant Yevropa Ittifoqining aksariyat davlatlari roziligini talab qiladi. 

XVJ transhi ajratilishi YeI qaroriga bog‘liq 

Agar YeI yetakchilari 1 fevralda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan sammitda Ukrainaga makromoliyaviy yordam ajratish bo‘yicha konsensusga erishsa, bu Kiyevga Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ)dan qariyb 900 million dollar miqdoridagi yangi transh ajratilishini kafolatlaydi, deb yozadi Financial Times. Bu Kiyevga budjet taqchilligini qoplash uchun pul chiqarmaslik va inflatsiya ortishiga erishmaslik imkonini beradi, deya ta’kidlanadi materialda. 

Vengriya iyundan beri Ukrainaga yordamni bloklab kelmoqda 

Vengriya iyun oyidan beri Yevropa Ittifoqining Kiyevga makromoliyaviy yordam ko‘rsatishga urinishlariga to‘sqinlik qilmoqda. Mamlakat bosh vaziri Viktor Orban, birinchidan, Ukrainadan unga ajratilgan mablag‘lar qanday sarflangani haqida hisobot berishni, ikkinchidan, Bryussel Vengriya sud tizimi mustaqilligiga shubha tufayli muzlatib qo‘ygan YeI yordamini blokdan chiqarishni talab qilmoqda. 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi sammiti oldidan ushbu mablag‘larning 10 milliardi blokdan chiqarildi, ammo Vengriya yana Ukrainaga yordam ajratilishiga veto qo‘ydi. 

Mavzuga oid