Suhbatimizni New York Times'da yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bir maqola bilan boshlamoqchiman, unda aytilishicha, kelasi 2024 yil Xalqaro maydonda hozirgidan ham ko‘proq muammolar yuzaga kelishi mumkin ekan. Bugungi suhbatimiz 2023 yil dunyodagi geosiyosiy jarayonlarga bag‘ishlanadi.

Shundoq ham 2023 yilning o‘zi bir tekisda o‘tmadi. Dastlab, boshlanganiga deyarli 2 yil bo‘layotgan Rossiya-Ukraina urushiga to‘xtalsak.

Ukraina mojarosi qay nuqtada, urushning oxiri ko‘rindimi?

Farhod Tolipov: — Urush oxiri ko‘rinayotgani yo‘q, lekin bir kun kelib tugaydi, albatta. Ammo vaziyat qanday bo‘ladi, yanada chigallashib ketmaydimi, degan tabiiy savollar tug‘iladi. Tahlilchilar tomonidan ham urush tugashi bo‘yicha aniq vaqt ko‘rsatilmayapti. Urushlar, mojarolar tugashi oldidan o‘z alomatlari bo‘ladi. Ammo bu urush tugashi bo‘yicha aniq mezonlar ham qo‘yish qiyin bo‘lyapti.

Bu urush qanday holda tugashi mumkin? Birinchisi, mag‘lub bo‘layotgan va g‘alaba qilayotgan tomon aniq bo‘lishi kerak. Ikkinchisi, mafkuraviy tomon, agar mafkurada kompromissga (murosaga kelish) yetaklovchi tamoyillar paydo bo‘lsa, shunda kelishuvlar bo‘lishi mumkin. Lekin hozirgi urushda mafkuraviy tomondan kompromissga borishga alomatlar paydo bo‘lgani yo‘q. Shu sababli hali urush davom etadi, menimcha. Agar AQSh va YeI Ukrainaga o‘tgan davrdagidek baland dinamikada yordam berishda davom etsa, Rossiya muzokaralarga borishi ham mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: — Urush shunday nuqtaga keldiki, ikki tomon ham mutlaq tashabbusni qo‘liga ololmaydi. Rossiya Ukrainaning 15-20 foiz yerini bosib olib, qattiq o‘rnashib oldi. U yerlarni qaytarish uchun Ukrainaga katta hujum va eng zamonaviy qurollar kerak bo‘ladi. Ammo G‘arbiy Yevropadagi rezervlar ancha kamayib qoldi, AQSh esa bu yil saylov bilan ovora bo‘ladi, shu sababli Ukraina qaytadan tashabbusni qo‘lga olishi juda qiyin, qarshi hujum ham kutilgan natijani bermadi. Shuning uchun Kiyevda tushkun kayfiyat bor, Rossiya propagandasi esa ancha ko‘tarinki kayfiyatda. Lekin bu hali Rossiya g‘alabasini bildirmaydi.

Kamoliddin Rabbimov

Rossiya demokratik davlat emas, Putin yana qayta saylanadi, shuning uchun u kelayotgan saylovdan qo‘rqmaydi. Jamoatchilik fikri inobatga olinmaydi, Rossiya uzoq muddatli holsizlantiruvchi urushga tayyor. Agar u bosib olingan hududlarni qo‘ldan bermasa, siyosiy nuqtai nazardan g‘alaba qilgan bo‘ladi. Ukrainaga esa yerlarini qaytarib olishi uchun katta zamonaviy qurol-yarog‘ resursi kerak bo‘ladi, ammo buning bo‘lishi ehtimoli kam, afsuski.