Ukrainadagi urushning 674-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Belgorod shahri markazi o‘qqa tutilishi oqibatida 24 kishi halok bo‘lgan, deb xabar qildi Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov. 109 kishi yaralangan, shundan 25 nafari og‘ir ahvolda, ular federal klinikalarga olib ketiladi.
- Rossiya mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukraina qurolli kuchlari Belgorod tomon uchirgan ikkita raketa, shuningdek snaryadlarning katta qismini urib tushirgani, ammo ayrimlari shahar hududiga tushganini ma’lum qilgan.
- Ukraina maxsus xizmatlaridagi manbalar ma’lum qilishicha, Ukraina QK Belgorod oblastidagi harbiy obektlarga hujum uyushtirgan, aholi yashovchi kvartallar esa go‘yoki rossiyaliklarning havo hujumidan mudofaa kuchlarining xatolari tufayli zarbaga uchragan. Rossiya ham bir kun oldin Ukrainaga yopirilma zarbalari oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘lganini taxminan shunday izohlagandi.
- Rossiya TIV Belgorod o‘qqa tutilgach BMT Xavfsizlik Kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishni so‘radi.
- Shu kuni kechqurun Xarkiv ham zarbaga uchradi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, shahar o‘qqa tutilishi oqibatida 28 kishi jarohatlangan.
- Kiyevda 29 dekabr kungi raketa zarbalari qurbonlari soni 19 kishiga yetdi. Rasmiylar 1 yanvarni motam kuni deb e’lon qildi.
- Rossiya mudofaa vazirligi 30 dekabr tongida tunda Bryansk, Orlovsk, Kursk va Moskva oblastlari hududlarida 32 ta dron urib tushirilgani haqida xabar berdi.
Kunning asosiy voqeasi. Ukrainlarning Belgorod bo‘ylab zarbasi
Ukraina qo‘shini 30 dekabr kuni kunduzi Belgorodni o‘qqa tutdi. Ukraina qurolli kuchlarining shahar bo‘ylab bu zarbasi keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon eng kuchli hujumi bo‘ldi. Rossiya TIV hujum ortida «AQSh bilan kelishgan holda Kiyev rejimini terrorchilik harakatlariga undayotgan» Buyuk Britaniya turganini ma’lum qilgan.
Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, zarba oqibatida 24 kishi halok bo‘lgan, 109 kishi yaralangan. Yaradorlarning 25 nafari og‘ir ahvolda federal klinikalarga yuborish uchun tayyorlanmoqda. Gubernatorning ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida 30 ta ko‘p kvartirali uylar, 381 kvartira, bir qancha xususiy uylar hamda ko‘plab avtomobillar shikastlangan.



























