Prezident Shavkat Mirziyoyev yakshanba kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.

Anʼanaga koʻra, davlat rahbari dastlab Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qildi. Qurʼon oyatlari oʻqilib, duolar qilindi.

Tashrif chogʻida davlat rahbariga majmuadan samarali foydalanish, uning turistik salohiyatini yanada oshirish, Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini asrab-avaylash, oʻrganish va dunyoga targʻib etish orqali islom maʼrifati va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berildi.

Mamlakat yetakchisi bu ishlarni izchil davom ettirish zarurligini taʼkidladi. ­

– Bu ulugʻ zot bizga butun ilmlarini, bilimlarini meros qilib qoldirganlar. Biz shu ilmlarni davom ettirsak, hech qachon kam boʻlmaymiz.

Men oʻzim ham har safar ulugʻ bobomizni ziyorat qilganimda, xalqimiz hayotiga baraka bersin, biri ikki boʻlsin deb duo qilaman.

Biz ulugʻlarimiz merosini asrash va targʻib qilish yoʻlida hali koʻp ishlar qilamiz. Butun dunyodan odamlar Oʻzbekistonga kelib, Islom sivilizatsiyasi markazini, Imom Buxoriy majmuasini koʻrishi, ziyorat qilishi uchun sharoit yaratamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident tashabbusi bilan yangidan bunyod etilgan majmua islom olamining muqaddas qadamjolaridan biri sifatida doim mahalliy va xorijlik ziyoratchilar bilan gavjum. Kompleks avval bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat koʻrsatgan boʻlsa, hozir bu raqam 65 mingdan ortiqni tashkil etadi.

Majmua tarkibidagi 10 ming kishilik masjid, ulkan maqbara, har birining balandligi 75 metr boʻlgan toʻrt minora, moviy gumbazlar inshootga oʻzgacha ulugʻvorlik baxsh etib turibdi. Ilgʻor axborot texnologiyalari asosida tashkil etilgan innovatsion muzeyda muqaddas dinimiz tarixi, paygʻambarlar hayoti, Imom Buxoriyning muhaddislik faoliyati keng yoritilgan, noyob eksponatlar namoyish etilmoqda.

Ayni paytda majmuada ziyoratchilar uchun har tomonlama qulay sharoit, xalqaro standartlarga mos servis yoʻlga qoʻyildi. Ziyoratgoh hududida 20 dan ortiq zamonaviy mehmonxonalar faoliyat koʻrsatmoqda.