12:30 / 01.01.2024
10633

AQSh konteyner kemasiga hujum qilgan husiychilarning qayiqlarini cho‘ktirib yubordi

Qizil dengizda AQSh vertolyotlari Maersk kompaniyasi konteyner kemasiga hujum qilgan Yamandagi husiychi isyonchilarning uchta qayiqini cho‘ktirib yubordi. Husiychilar 10 nafar jangchisi halok bo‘lganini e’lon qildi va «amerikalik dushmanlardan» o‘ch olishga va’da berdi.

Foto: U.S. Navy/abaca/picture alliance

Qizil dengizda AQSh harbiy vertolyotlari Maersk kompaniyasi konteyner kemasiga hujum qilgan Yamandagi husiychi isyonchilarning uchta qayig‘ini cho‘ktirib yubordi. Bu haqda 31 dekabr, yakshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida AQSh armiyasining Yaqin Sharq, Markaziy va qisman Janubiy Osiyodagi operatsiyalari uchun mas’ul bo‘lgan Markaziy qo‘mondonligi ma’lum qildi

Xabarda aytilishicha, Yamanning husiychilar nazorati ostidagi hududlaridan kelayotgan to‘rtta qayiq Singapur bayrog‘i ostidagi Maersk Hangzhou kemasiga 20 metr masofaga yaqinlashgan. Qayiqlardagi jangchilar konteyner kemasiga o‘q uzgan, so‘ng unga chiqmoqchi bo‘lgan. AQSh HDKning Dwight Eisenhower avia-tashuvchi kemasidan havoga ko‘tarilgan ikkita vertolyot va Gravely esminetsi dastlab husiychilarga «og‘zaki signallar» yuborgan, biroq ular o‘t ochgan, so‘ng bunga javob qaytarilgan. Natijada jangchilar bo‘lgan uchta qayiq cho‘kib ketgan, to‘rtinchisi esa qochishga muvaffaq bo‘lgan. Amerikalik harbiylar yoki texnikaga zarar yetmagan. 

Husiychilar vakili, AFP xabariga ko‘ra, shu kuni televideniye orqali nutq so‘zlab, AQSh armiyasi bilan to‘qnashuv natijasida o‘n nafar jangchi halok bo‘lganini e’lon qildi. U «amerikalik dushmanlar bu jinoyat uchun javob beradi», dedi.

Maersk Hangzhou konteyner kemasiga qilingan hujum 24 soat ichida ikkinchisi bo‘ldi. Avvalroq, Qizil dengiz janubidan o‘tayotgan o‘sha kemaga raketa kelib urilgan, biroq u foydalanishga yaroqliligicha qolgandi. Ekipajdan hech kim jabrlanmagan. Ushbu birinchi voqeadan so‘ng, AQSh harbiylari, o‘z xabariga ko‘ra, husiychilar tomonidan konteyner kemasiga uchirilgan yana ikkita ballistik raketani urib tushirdi. 

Maersk o‘zining yuk kemasiga ikkinchi hujumdan so‘ng Qizil dengiz orqali barcha harakatni 48 soatga to‘xtatganini bildirdi.

Husiychilar Qizil dengizdagi kemalarga hujum qilmoqda 

AQSh mintaqaviy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 19 oktyabrdan beri Qizil dengizda tijoriy yuk tashishga husiychilarning 23-hujumidir. Isroilning HAMASga qarshi urushi boshlanganidan beri, kuzatuvchilar Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganiga ishonadigan yamanlik husiychilar Qizil dengizdagi savdo kemalariga bir necha bor hujum qilgan. Isyonchilarga ko‘ra, ular «G‘azo sektoridagi birodarlariga» Isroilning «tajovuzkorligi» to‘xtamaguncha «dunyo bo‘ylab Isroil kemalariga hujum qilish»ni davom ettirish niyatida. 

16 dekabr kuni ikkita yuk tashish kompaniyasi - Mediterranean Shipping Company (MSC) va CMA CGM - Arab dengizidagi Aden ko‘rfazi hamda Qizil dengizni bog‘laydigan Bob al-Mendeb bo‘g‘ozi orqali o‘z kemalarini jo‘natishni vaqtincha to‘xtatishini e’lon qildi. Avvalroq xuddi shunday qaror Germaniyaning Hapag-Lloyd yuk tashish kompaniyasi va dunyodagi eng yirik konteyner tashuvchi - Daniyaning Maersk kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan edi. 

Keyinchalik Maersk Qizil dengiz va Aden ko‘rfazi orqali kemalarni himoya qilish uchun Prosperity Guardian operatsiyasi boshlangani sababli yuk tashish operatsiyalarini qayta tiklashga tayyorlanayotganini bildirdi. 

Tinchlik davrida butun dunyo dengiz tashuvlarining 10-12 foizi, jahon neft tashuvlarining taxminan 5 foizi va konteyner tashuvlarining taxminan 30 foizi Qizil dengiz orqali o‘tadi. 

Top