11:42 / 01.01.2024
12797

Forbes O‘zbekistonni eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishlari ro‘yxatiga kiritdi

AQShning Forbes jurnalida 2024 yilda albatta borib ko‘rish kerak bo‘lgan dunyodagi ajoyib sayyohlik yo‘nalishlarga bag‘ishlangan maqola bosildi.

Foto: Kun.uz

«Dunyo» xabariga ko‘ra, unda O‘zbekiston 2024 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritilgan. Forbes moliyaviy-iqtisodiy jurnali o‘z o‘quvchilariga O‘zbekistonni 2024 yilda tashrif buyurish uchun eng yaxshi joylardan biri sifatida qayd etib, respublikaga sayohat qilishga tavsiya etmoqda.

Maqolada dunyodagi yetakchi Lonely Planet sayyohlik nashri vitse-prezidenti Tom Xollning quyidagi so‘zlari iqtibos o‘rnida keltirilgan: «O‘zbekistonda Ipak yo‘lining eng yaxshi saqlanib qolgan tarixiy obidalarini, shuningdek, ajoyib tog‘lar va istiqbolli poytaxti - Toshkentni ko‘rishingiz mumkin».

Shuningdek, maqolada mamlakat hududlari bo‘ylab sayohat qilish uchun qulay va arzon poyezd xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilingan. «AQShdan O‘zbekistonga sayohat qiluvchilar uchun Nyu-York shahridan haftasiga bir nechta to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, Seul va Istanbul orqali ham borish ham sayyohlar uchun qulayliklar yaratadi», - deyiladi nashrda.

Forbes O‘zbekistonni 2022 yilda sayohat qilish uchun eng yaxshi 50 ta hududlar ro‘yxatiga kiritgan edi.

Top