Kiyevda 29 dekabr kungi Rossiya hujumi qurbonlari soni ortdi
1 yanvar oqshomiga ko‘ra, Kiyevda 29 dekabr kuni Rossiyaning ommaviy hujumi qurbonlari bo‘lgan 29 kishining jasadi topildi. Qutqaruvchilar halok bo‘lganlarni topishda davom etmoqda, deya xabar berdi shahar ma’muriyati.
Kiyevda 2023 yil 29 dekabrga o‘tar kechasi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Rossiyaning Ukrainaga bergan eng yirik aviazarbasi natijasida qurbonlar soni ortib bormoqda. 1 yanvar, dushanba oqshomida qutqaruvchilar 29 kishining jasadini topdi, dedi Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popko.
«Uch kun ketma-ket qutqaruvchilar Kiyevga berilgan aviazarbadan so‘ng qidiruv-qutqaruv operatsiyasini olib bordi. Afsuski, Rossiya raketalari oqibatida halok bo‘lganlarning jasadlari hamon topilyapti», deb yozdi u Telegram’da. Popko 29 dekabr kuni Kiyevning o‘qqa tutilishini Ukraina poytaxti uchun keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri eng dahshatli fojia, deb atadi. «Bugun, motam kuni biz Rossiya harakatlarining barcha begunoh qurbonlari uchun oilalarimiz bilan hamdardmiz».
Rossiya armiyasi Ukraina hududiga 158 ta raketa va uchuvchisiz uchoqlarni uchirdi
29 dekabr kuni Kiyev, Dnipro, Zaporijjya va Odessada raketa hujumi natijasida jami 50 ga yaqin odam halok bo‘ldi. Jabrlanganlar soni 160 kishidan oshdi. 1 yanvar kuni Kiyevda halok bo‘lganlar xotirasiga motam kuni e’lon qilindi.
Ukraina shaharlarini o‘qqa tutishda Rossiya Shahed uchuvchisiz uchish apparatlari va turli turdagi raketalardan foydalangan. Hammasi bo‘lib Ukraina bo‘ylab 158 ta havo qurilmalari uchirildi, shu jumladan 36 ta UUA va 122 ta raketa. Ukraina qurolli kuchlari 114 ta nishonni urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi.
Rossiyaning Ukraina shaharlaridagi zarbalari natijasida ko‘p qavatli turar joy binolari, Dniprodagi savdo markazi, muhim infratuzilma, fuqarolik korxonalari va omborxonalar zarar ko‘rdi, deya xabar berdi Ukraina rasmiylari.
Mavzuga oid
10:41
KXDR Rossiya bilan hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qildi
08:35
Yevroittifoq Rossiyaning soyadagi flotiga qarshi sanksiyalar tayyorlamoqda
07:50
Germaniyada Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash pasaymoqda
17:58 / 11.11.2024