Yo‘lovchilar ekipaj ko‘rsatmalariga amal qilgan holda yonayotgan samolyotning avariya chiqish eshiklariga qo‘l yukisiz shoshilishgan. Aviatsiya mutaxassislari fikricha, aynan shu qoidaga amal qilinishi Tokiodagi Haneda aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagida yonib ketgan Airbus A350 samolyoti bortidagi barcha 379 kishini muvaffaqiyatli evakuatsiya qilish imkonini bergan asosiy omil bo‘lgan. Hodisa oqibatida hech kim halok bo‘lmagan.

Japan Airlines aviakompaniyasining 516-reysi qo‘nish chog‘ida qirg‘oq qo‘riqlash xizmatining kichik samolyoti bilan to‘qnashgan, oqibatda yong‘in chiqqan. Kichik samolyot bortidagi olti kishidan besh nafari halok bo‘lgan.

Qo‘nish chog‘ida samolyotning old shassisi sinib, yerga engashib qolgan, bu esa yo‘lovchilar chiqish eshiklari tomon harakatlanishini qiyinlashtirgan.

Yo‘lovchilarni evakuatsiya qilish uchun faqat uchta shishiriladigan trapdan foydalanish mumkin edi, ammo samolyot qiyshayib qolgani tufayli ularni to‘g‘ri joylashtirish qiyin edi. Oqibatda traplar katta burchak ostida qolgan, bu esa evakuatsiyani murakkablashtirgan.

Japan Airlines vakili so‘zlariga ko‘ra, evakuatsiya vaqtida samolyotning ovoz bilan murojaat qilish tizimi ham ishlamagan, shuning uchun ekipaj yo‘lovchilarga megafondan foydalanib va shunchaki baland ovozda baqirib ko‘rsatma berishga majbur bo‘lgan.

Aviakompaniya xabariga ko‘ra, bir yo‘lovchi kichik jarohat olgan, yana 13 nafari jismoniy diskomfort tufayli shifokorlarga murojaat qilgan.

Japan Airlines aviakompaniyasi samolyoti Hokkaydo orolidagi Sapporo shahridan havoga ko‘tarilib, 2 soatdan keyin Tokioning Haneda aeroportiga qo‘ngan. Qirg‘oq xavfsizlik xizmatining kichik samolyoti bir kun oldin sodir bo‘lgan kuchli zilzila qurbonlariga yordam yetkazishi kerak edi. Hozir to‘qnashuv yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Japan Airlines aviakompaniyasining ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan sobiq styuardessasi so‘zlariga ko‘ra, 516-reys yo‘lovchilariga «omad juda kulib boqqan».

«Barcha yo‘lovchilar tirik ekanini bilib, yengil tortdim. Ammo favqulodda evakuatsiya tartibi haqida o‘ylay boshlaganimda, asabiylashdim va qo‘rqib ketdim», dedi u. «Ikki samolyot qanday to‘qnashgani va yong‘in qanday tarqalishiga qarab, bundan ham yomonroq bo‘lishi mumkin edi».

Bunday vaziyatlarda yo‘lovchilar orasida vahima tarqalishining oldini olish qiyin bo‘lishi mumkin, dedi sobiq styuardessa.