Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Economist jurnaliga intervyu berib, urush hali yakunlanmayotgani va bo‘shashishga hali ertaligi — Ukrainani qo‘llab-quvvatlash orqali Yevropa o‘ziga yordam berishi haqidagi fikrlarini g‘arb jamoatchiligiga yetkazishga harakat qildi.

Uning fikricha, G‘arb Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar ahamiyatini his qilmay qo‘ygan, ammo ularda Rossiya ustidan g‘alaba qozonishdan boshqa chiqish yo‘li yo‘q.

Zelenskiyni Rossiyaning jang maydonidagi muvaffaqiyati va Ukraina qurolli kuchlarida g‘alaba qozona olmayotgani emas (uning o‘zi bunday deb hisoblamaydi), balki ittifoqchilar lageridagi sarosima va ikkilanish hamda ayrim vatandoshlari o‘zini chekkaga olishidan g‘azablantiradi.

Rossiyaning 2022 yil 24 fevral kuni boshlagan bosqinining ikkinchi kunida Zelenskiy qisqa, bir yarim daqiqalik videorolik e’lon qilgan va unda shunchaki shunday degandi: «Biz shu yerdamiz». U davom etayotgan hamlalar va bombalashlarga qaramay, hamon Kiyevdagi hukumat kompleksida qolmoqda.

Ammo, deya qayd etadi Economist, urush boshlanganidan qariyb ikki yil o‘tib dunyo endi uning so‘zlarini avvalgi kabi diqqat bilan tinglamayapti, Zelenskiyning o‘zi esa endi voqealar rivojini mohirlik bilan nazorat qila olmayapti.

«Ukrainada charchoq kuchaymoqda. G‘arbda sarlavhalar Vladimir Putin, Rossiya prezidenti, g‘alaba qozona boshladimi, degan mazmunda chiqmoqda. Ukrainlarga yordam masalasi Amerika va Yevropada siyosiy savdo predmetiga aylandi», — deya qayd etadi Economist.

G‘arb tezkor harakat qilish zarurligi [Ukrainaga harbiy yordam berishda] tuyg‘usini, ko‘plab ukrainlar esa — ekzistensial tahdidlar tuyg‘usini yo‘qotdi, deydi Zelenskiy. «Biz [2023 yilgi qarshi hujumda] dunyo istagan ishlarga ulgurmagan bo‘lishimiz mumkin. Ba’zilar tasavvur qilganidek barchasi bu qadar tez bo‘lmasligi mumkin», — deydi Ukraina prezidenti.

Putin urushda g‘alaba qozonayotgani haqidagi fikrni, shunchaki «hissiyot», shunchaki shunday tuyulmoqda, deb hisoblaydi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, reallik shundaki, Rossiya armiyasi Ukrainada, jumladan Avdiyivkada ulkan yo‘qotishlarga uchramoqda. «Minglab, minglab o‘ldirilgan va jasadlarini hech kim olib ketmagan rossiyalik soldatlar», — degan Zelenskiy 2023 yilda Rossiya birorta yirik shaharni egallay olmagani, bu vaqtda esa Ukraina Rossiyaning Qora dengizdagi qamalini yengib o‘tishga muvaffaq bo‘lgani va endi Ukraina janubiy sohillari hududida yangi marshrut bo‘ylab millionlab tonna g‘alla tashiyotgani haqidagi tezisni eslatib o‘tgan. «Ulkan natija!» — degan prezident.