O‘zbekiston | 16:28 / 05.01.2024
7020
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida fuqarolarni AQShga noqonuniy yubormoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

DXX va boshqa huquqni himoya qilish organlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlarda katta pullar evaziga AQShga yubormoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangan.

Jumladan, 1999 yilda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tug‘ilgan, hozirda AQShda yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs Samarqandda o‘qiydigan qarindoshi bilan o‘zaro til biriktirib, fuqaroni Meksika orqali Amerikaga ishga yuborish evaziga undan 16 ming dollar talab qilgan.

DXX va huquqni himoya qilish organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Iqtisodiyot va servis instituti talabasi so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan.

Ma’lum qilinishicha, hozirda AQShda yashayotgan oqdaryolik shaxs muqaddam 4 nafar fuqaroni Amerikaga ishga yuborishni va’da qilib, ulardan 41 600 dollar olgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

 DXX Jizzax viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan prokuratura departamenti va IIB xodimlari hamkorlikda Jizzax shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda Andijon viloyatida yashovchi 24 yoshli shaxs Forish tumanida yashovchi fuqaroni aldab, tanishlari yordamida uni “Turkiya-Yevropa-Nikaragua-Meksika” orqali AQShga yuborish evaziga talab qilingan 17 ming dollardan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

1991 yilda Sirdaryoda tug‘ilgan, hozirda AQShda yashovchi shaxs va Yangiyer shahrida yashovchi 32 yoshli shaxs o‘zaro til biriktirib, Xovos tumanida yashovchi fuqaroni Meksika orqali Amerikaga yuborish, shuningdek, buning uchun zarur bo‘ladigan viza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga undan 8 200 dollar talab qilgan.

DXX va prokuratura departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yangiyer shahrida yashovchi shaxs 8 100 dollar va 1 mln 240 ming so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid